Kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan mansabdorlar
“Y.M.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari J.R. hududiy tijorat banki filialidan issiqxona qurish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larining 1,3 milliard so‘mini hamda ukasi X.R.ning nomiga tashkil etgan “J.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ajratilgan 600 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilgan.
Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlandi.
“B.F.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari M.A. hududiy tijorat banki filialidan chorva kompleksi qurish uchun ajratilgan 762,2 million so‘m kredit mablag‘lari evaziga xarid qilingan qurilish materiallaridan boshqa maqsadlarda foydalanib, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Bu esa Departamentning Bandixon tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA