Korxonalarda xavfsizlik masalalari
Navoiy shahridagi ma’naviyat va ma’rifat markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan viloyat hududida faoliyat olib boruvchi barcha xavfli ishlab chiqarish ob’ektlaridan foydalanuvchi va bojxona ombor egalari hamda yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilot rahbarlari va injener texnik xodimlari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.
Unda qo‘mita bosh boshqarma boshlig‘i Olimjon Jo‘rayev so‘zga chiqib xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining sanoat xavfsizligi, ayrim davlat kadastrlarini yuritish, texnogen xavf yuqori bo‘lgan zonalarda davlat kadastrini yuritish hamda yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
[gallery-24626]
– Bugungi kunda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi atom energetikasi va yadro texnologiyalari ob’ektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va nazorat qilish uchun javobgar bo‘lgan vakolatli davlat boshqaruvi organi etib belgilangan, – deydi O.Jo‘rayev. – Ayni paytda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida xavfli ishlab chiqarish ob’ektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joylarda seminarlar tashkil etilmoqda. Seminarlar bugungi kun talablaridan kelib chiqib ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda yagona o‘quv dastur va uslubda amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat xavfsizligi talablari bajarilishida xususan, ekspert tashkilotlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar hamda ekspertiza masalalarida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qonuniy yo‘lga qo‘yishda profilaktik tadbirlarni ko‘paytirish, tadbirkorlik sub’ektlariga metodik yordam ko‘rsatish va ishlarini tashkil qilishda Qo‘mita mutaxassislari tomonidan yaqindan ko‘mak berilishi alohida ta’kidlandi.
Seminar so‘nggida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari