Korxona rahbari tashabbuskor bo‘lsa..
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Sadbarg” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati yildan yilga rivojlanmoqda. Korxona ko‘p tarmoqli sub’ekt sifatida suyultirilgan va siqilgan gaz quyish shoxobchalari, shuningdek, yog‘-ekstraksiya zavodiga ega.
Yog‘ ishlab chiqarish liniyasida bir kecha kunduzda 150 tonna chigit qayta ishlanmoqda. Korxona eksport salohiyati 2019-2020 yillarda 4 million, 2021 yilda esa 3 million AQSH dollarini tashkil etgan. Ayni kunda “Sadbarg” xususiy korxonasida 250 kishi mehnat qilmoqda.

“Sadbarg” MCHJ jamoasi yana bir yirik loyihani amalga oshirayotir. Bu Sho‘rko‘l cho‘l massividan 3 ming gektar yer ochish va ekin yeri sifatida o‘zlashtirish tashabbusidir. O‘ziga yarasha mashaqqat talab etadigan bu loyiha uchun 98 milliard so‘m mablag‘ zarur. Sarmoyaning 28 milliard so‘mi tadbirkorlik sub’ektining o‘z daromadi, 70 milliard so‘mi esa tijorat banki krediti hisobidan qoplanadi. Yer ochish, ekin yeri sifatida uni tekislab shudgorlash, serhosil paxta yetishtiriladigan konturga aylantirish maqsadida cho‘l massivida yuqori unumli va zamonaviy rusumli “Chayon” ekskavatori, lazer apparati, 5 ta “Magnum”, 10 ta “Belorus” traktori, shuningdek, 20 ta tirkamaga ega 5 ta “TTZ-80” traktori, yana boshqa mexanizmlar kuchidan unumli foydalanilmoqda.
– Suv taqchilligi yaqqol namoyon bo‘lgani bois cho‘lda ochilayotgan ekin yerida to‘liq tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida hosil yetishtirish tajribasi qo‘llanilmoqda, – deydi “Sadbarg” xususiy korxonasi rahbari Fazliddin Salixov. – Bu borada ham konturlarda gidroinshootni qurish, suv havzalarini barpo etish, dala bo‘ylab rezina shlanglarni tortish ishlariga 600 million so‘m mablag‘ sarflandi. Bu loyiha amalga oshirilishi bilan korxonamizning eksport salohiyati yiliga 15 million AQSH dollariga yetadi. Shu bilan birga, cho‘lda yana kamida 200 kishilik qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.

Korxona mutasaddilarining ta’kidlashicha, bugunga qadar jami qiymati 7 million AQSH dollariga teng miqdordagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Shundan umumiy qiymati 2,6 million AQSH dollarlik mahsulot qo‘shni Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston davlatlariga eksport qilinmoqda. Ahamiyatli tomoni korxonada ishlab chiqarish quvvatining oshishi barobarida yangi ish o‘rinlari ham yaratilmoqda.

Buxoro viloyati hokimi rahbarligidagi delegatsiyaning joriy yil avgust oyida Janubiy Koreya davlatiga tashrifi doirasida yengil sanoat va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish yuzasidan xorijiy hamkorlar bilan biznes muzokaralar olib borilgan edi. Muzokaralarda “Sadbarg” ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi rahbari Fazliddin Salixov ham qatnashdi. Xorijda ish o‘rganishning foydali jihati Janubiy Koreyaning “DIK Co. LTD” kompaniyasi tomonidan qiymati 10 million AQSH dollariga teng miqdorida mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilishga doir memorandum imzolandi. Mazkur kelishuv natijasida 2023-2025 yillar davomida Buxoro viloyati iqtisodiyotiga xorijiy investitsiya kiritish, qo‘shimcha 50 ta yangi ish o‘rni yaratish, qolaversa, yillik quvvati 8 million AQSH dollariga teng, import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulot ishlab chiqarish tajribasi o‘zlashtirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA