Korxona imtiyozdan samarali foydalanmoqda
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qutlimuratov “AKSA Enerji Bukhara” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Maqsad ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganishdir.
Quvvati 270 MVt bo‘lgan mazkur gaz-porshenli elektr stansiyasi Turkiya investitsiyasi asosida barpo etilgan. Korxona joriy yildan boshlab O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshlagan. Yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu esa viloyat iste’molining 80 foizini qoplaydi. Ushbu elektr stansiya to‘liq ishga tushgach 150 nafar kishi ish bilan ta’minlanadi.

“AKSA Enerji Bukhara” MCHJ faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu korxonaga joriy yilda 14,1 million dollar qiymatidagi texnologik asbob-uskuna import qilingan. Mazkur jarayonda korxonaga qariyb 11 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan.
Uchrashuv davomida korxona vakillari kelgusidagi ta’mir jarayonida zarur bo‘ladigan texnik vositalarni ham bevosita bojxona tomonidan qo‘llaniladigan imtiyozlardan unumli foydalangan holda import qilinishini ta’kidlashdi. Bu borada qonunchilikda mavjud barcha imtiyozlardan foydalanish mumkinligi aytildi.

Zarif Komilov, O‘zA