“Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalda
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti konchilik fakulteti talabalari ishtirokida “Halollik yoshlarning hamrohi - rivojlanish mezoni” mavzusida huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Unda oliygohda korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritilib, “Imtihon vaqtida talabaning bilimiga emas, mablag‘iga ko‘z tikkan o‘qituvchi jamiyatga qanday malakaga ega kadr yetkazib bera oladi? Korrupsiya yo‘li bilan diplomga ega bo‘lgan “mutaxassis”ga texnikani topshirib qo‘yish qanday oqibatga olib keladi?” kabi savollarga javob izlandi.

Bugungi kunda mazkur oliygohda 9 mingdan ziyod talabaga 300 nafarga yaqin pedagog ta’lim berishadi. Universitetda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish maqsadida 2021-yilda “Komplayens-nazorat” tizimi joriy etilgan. “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tomonidan universitet ichki xususiyatlari inobatga olinib, 16 ta ichki me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilgan.

Shuningdek, barcha xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha majburiyat ham kiritilgan. Yangi ishga qabul qilinayotgan va faoliyat olib borayotgan barcha xodimlar, professor-o‘qituvchilar muntazam ravishda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, Odob-axloq kodeksi, Ichki tartib-qoidalari, o‘z lavozim yo‘riqnomalariga qat’iy rioya qilishlari, korrupsion holatlarni yuzaga keltirmasliklari to‘g‘risida ogohlantiriladi.

– O‘quv jarayonida “Hemis” tizimi qo‘llanilsa, ilmiy faoliyatda magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari Antiplagiat dasturi orqali tekshiriladi, – deydi “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Ahmad Safarov. – Oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishning “kredit-modul” tizimiga o‘tilishi natijasida jurnal va reyting daftarchalari bevosita elektron shaklga o‘tkazilgan. Moliyaviy boshqaruv va statistikada “UzASBO” dasturiy majmuasi vositasida masofadan turib foydalanilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tomonidan universitetda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida o‘qish jarayonida, joriy, oraliq va yakuniy nazorat, magistrlik dissertatsiyasi, yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy ishi topshirayotgan talabalar (guruh sardorlari) bilan profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar uchun korrupsiya holatlari bilan to‘qnash kelganligi bo‘yicha tun-u kun xabar qilish imkoniyatini beruvchi telegramm ijtimoiy tarmog‘ida rasmiy bot - @ndku_rektor_bot faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuvda mavzu yuzasidan konchilik fakulteti dekani o‘rinbosarlari A.Choriqulov va O.Qurbonov, shuningdek, bir guruh talablar korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri