Korrupsiyaning oldini olish – muhim vazifa
Urganch shahrida “Sud tizimida korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish” mavzusida suhbat o‘tkazildi.
Suhbat O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan Prezidentimizning 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan tashkil etildi.
Unda Xorazm viloyat sudlarining sudyalari va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash birinchi galdagi vazifasi hisoblangan sudyalarning bilimi, professional kasbiy layoqatidan tashqari ma’naviyati, halolligi ham muhim ekanligiga urg‘u berildi.
Sudyalar oliy kengashi buyurtmasi asosida suratga olingan “Pushaymon” qisqa metrajli filmining taqdimoti o‘tkazildi. Vakolatni imtiyoz deb bilgan sobiq soha xodimining ayanchli taqdiri haqida ro‘y-rost so‘zlovchi filmni tomosha qilib insonning kamoli va zavoli o‘rtasida masofa bir qadam ekani va halollik vaksinasining ildizi ma’naviyatga borib taqalishiga yana bir bor amin bo‘lish mumkin.
Tadbir yakunida odil sudlovni amalga oshirishdagi qat’iyati, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud hokimiyatiga nisbatan fuqarolar ishonchini yanada oshirish hamda tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishdagi alohida faolligi uchun Xorazm viloyat sudining raisiga Sudyalar oliy kengashining tashakkurnomasi va ramziy qo‘l soati topshirildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA