Korrupsiyaga qarshi kurashamiz
Korrupsiya so‘zi lug‘atlardan chiqmas ekan hech bir mamlakatda rivojlanish bo‘lmaydi. Keyingi yillarda yurtimizda mazkur illatga qarshi keskin kurash olib borilmoqda.
Joylarda davlat organi va tashkilotlar vakillarining bu boradagi huquqiy savodxonligini oshirish, mazkur illatga qarshi kurashish maqsadida muntazam tarzda davra suhbatlari, konferensiyalar tashkil etib borilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyati adliya boshqarmasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga barchamiz mas’ulmiz” mavzusida viloyat hokimligi, prokuratura, adliya hamda ichki ishlar bosh boshqarmasi ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya davomida korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki barcha davlat organlari hamda fuqarolik jamiyatlari institutlari va albatta, har bir fuqaroning ham vazifasi ekanligi aytildi. Shuningdek, tadbir davomida adliya xodimlari tomonidan ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati hamda bu borada joriy yilda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
– Korrupsiya, eng avvalo, inson huquqlarini ta’minlashga monelik qilib, ijtimoiy tengsizlikni keltirib chiqaradi, – deydi Toshkent viloyati adliya boshqarma bo‘lim boshlig‘i Dilshod Turdimuhammadiyev. – Erkin bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga, hayot darajasining pasayishiga olib keladi. Shu bilan bir qatorda korrupsiya fuqarolarning davlat boshqaruvi idoralariga bo‘lgan ishonchi yo‘qolishiga olib kelib, uyushgan jinoyatchilikning avj olishiga zamin yaratadi va insonlarning xavfsizligiga tahdid soladi. Bugun maqsadimiz aniq, korrupsiya muammosining tub mohiyatini tushunib yetish va korrupsiya bilan murosasiz kurashish hamda uni oldini olishdan iboratdir.
Tadbir yakunida “Nafs iskanjasida” nomli qisqa metrajli film namoyish etildi.
A.Musayev,O‘zA.