Korrupsiya barcha sohani zaharlaydi
Korrupsiya jamiyatdagi eng jirkanch illatlardan biri sifatida adolatsizlik va tengsizlikni keltirib chiqaradi, odamlarning davlat idoralariga nisbatan ishonchini so‘ndiradi.
Taraqqiyotga jiddiy to‘siq bo‘luvchi bu illat ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga katta zarar yetkazadi, tarmoq va sohalarni zaharlaydi. Shuning uchun ham korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan joyda amaliy sa’y-harakatlar samara bermaydi, kutilgan rivojlanish bo‘lmaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida aprel oyi “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi”ga deb e’lon qilindi. Mazkur oylik doirasidagi partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari tomonidan respublikamizning barcha hududlarida, davlat va nodavlat tashkilotlari, muassasalar, mahallalar, bank va ijtimoiy soha muassasalarida turli targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Korrupsiyaning mamlakat rivojidagi salbiy oqibatlarini bartaraf etish, unga qarshi kurashishda jamiyatning barcha qatlamlarini faollashtirish, ayniqsa, yoshlar ongida murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari barcha hududda uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
Chilonzor tumanida o‘tkazilgan davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Behzod To‘xtamurodov ishtirok etib, korrupsiyaning iqtisodiy va ma’naviy zararlari, mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan asosiy omillardan biri ekani, uni bartaraf etishda har bir fuqaroning ishtiroki muhimligini aytib o‘tdi. Shuningdek, deputat qonunchilikda korrupsiya omillari uchun belgilangan javobgarliklar xususida ham ma’lumot berdi.

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasidagi tadbirlar izchil davom etmoqda. Ushbu tashabbuslar jamiyatda huquqiy ongni oshirish, fuqarolarning faolligini kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA