Koronavirus ovqat orqali yuqadimi?
SARS-CoV-2 koronavirusi nafaqat nafas olish yoʻlini zararlaydi, balki miya va markaziy asab tizimiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.
SARS-CoV-2 koronavirusi nafaqat nafas olish yoʻlini zararlaydi, balki miya va markaziy asab tizimiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.
“COVID bilan ogʻrigan har bir bemorda, hatto xastalikning yengil formasini boshdan kechirgan boʻlsa ham miya va nerv sistemasida oʻzgarish kuzatiladi”, — deydi Rossiya pediatrlar ittifoqi prezidenti Leyla Namazova-Baranova.
Uning taʼkidlashicha, buni bir nechta simptomlar, masalan, hid va tamni yoʻqotish tasdiqlaydi. Bu markaziy asab tizimining zararlanganiga ishoradir.
Oʻtgan oyda vrachlar va olimlar koronavirus sababchi boʻlgan juda koʻp insult hamda boshqa asab xastaliklari bilan bogʻliq holatlarni roʻyxatga oldi, dedi Namazova-Baranova.
Koronavirus asab tizimiga salbiy taʼsir etadi
Mashhur nevrolog, professor Igor Koralnik boshchiligidagi AQSH Shimoli-Gʻarbiy universiteti olimlari Northwestern Medicine tibbiy markazida COVID-19 bilan ogʻrigan bemorlarni tahlil qildi. Ularning qariyb yarmida nevrologik simptomlar kuzatilgan. Bosh ogʻrigi, hushyorlikning pasayishi, diqqatni bir joyga jamlash qiyin kechishi, qaltirash, muskullarning ogʻrishi, hamda hid va tam bilishdagi muammolar shular jumlasidandir.
Doktorning taʼkidlashicha, COVID-19 keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan nevrologik muammolarga sabab boʻluvchi omillar talaygina. Chunki mazkur kasallik bir nechta organlarni zararlash mumkin (oʻpka, buyrak, yurak), miyaning ham qon aylanishi buzilishidan aziyat chekish ehtimoli yuqori. Bu esa, ishemik yoki gemorragik insultni keltirib chiqarishi mumkin.
Koronavirus ovqat orqali yuqmaydi
COVID-19ning ovqat orqali yuqishi bilan bogʻliq dalil yoʻq, dedi JSSTning sogʻliqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar boʻyicha dasturi direktori Maykl Rayyan.
“Virus yuqishda oziq–ovqat zanjirining ishtirok etishi hali isbotlangani yoʻq”, - dedi u.
JSSTning favqulodda kasalliklar boʻlimi texnik guruhi rahbari Mariya Van Kerkxove virus oziq-ovqat qadoqlangan qutilar yuzasida qoladimi, degan savolga oydinlik kiritar ekan, u virus buyum, idishlar yuzasida qolishi mumkinligini tasdiqladi. Bunga u Braziliyadan Xitoyga eksport qilingan tovuq qanoti joylangan qadoqlarni misol keltirdi.
"Bizning tushunishimizcha, Xitoy bir necha yuz qadoqni testdan oʻtkazgan. Ularning faqat oʻntasida koronavirus borligi aniqlangan. Haqiqatan ham, virus qandaydir bir muddat quti yuzasida qolishi mumkin. Biroq ovqatning ichida tirik qololmasligi aniq.
Nega Rossiyada yaratilgan vaksinaga shubha bildirilayapti?
Maʼlumki, yaqinda Rossiyada dunyoda birinchi boʻlib koronavirusga qarshi vaksina yaratildi. Bu haqda Prezident Vladimir Putin shaxsan oʻzi eʼlon qildi.
Biroq Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ushbu vaksina shubhasiz, Rossiyaning katta yutugʻi ekanini taʼkidlar ekan, dunyo miqyosida uni qoʻllashga hali erta ekanini maʼlum qildi. Qolaversa, gʻarb mamlakatlari ham Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksinaning imkoniyatlariga shubha bilan qaramoqda.
Ammo rossiyalik olimlar koronavirusga qarshi vaksinaning xavfsizligi va samarasi yuqori ekanini ishonch bilan taʼkidlashmoqda. Chunki preparat bir necha bor odamlarda sinab koʻrilgan va test sinovlarida ishtirok etgan odamlarda emlash taʼsiri yaxshi kechgan.
Masalan, taniqli olim, Gamaley nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Aleksandr Ginsburg “Rossiya 1” telekanaliga intervyu berib, “Rossiyada yaratilgan yangi vaksina odamlarni kamida ikki yil koronavirus yuqishidan asrashi”ni maʼlum qildi.
“Vaksinaning taʼsir kuchi yarim yoki bir yilga emas, balki kamida ikki yilgacha davom etadi”, — dedi olim.
Koronavirusga qarshi vaksina yaratilgani haqidagi xabar dunyo ahli qalbida umid chirogʻini yoqqani shubhasiz. Endi uning odamlarga tarqatilishi qoldi, xalos. Shunday bir paytda, xalqaro ekspertlar koronavirusga qarshi kurashda jahon boʻyicha qancha xarajat kerakligini ham hisoblab koʻrmoqda.
Masalan, JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning taʼkidlashicha, xalqaro hamjamiyatning COVID-19ga qarshi kurashga sarf-xarajati 100 milliard dollarni tashkil etadi.
“COVID-19ning ikkinchi toʻlqini oqibatlarini bartaraf etishga yana 10 trillion dollar sarflashdan avval, bizning hisob-kitobimizga koʻra yangi vositalar, ayniqsa, yangi vaksina uchun 100 milliard dollar sarflash oʻrinli”, - dedi u Jenevada oʻtkazilgan brifingda.
JSST bosh direktorining aytishicha, birinchi navbatda, COVID-19ga qarshi kurash uchun ishlatiladigan vositalarni yaratish, ishlab chiqarish, muvofiqlashtirish, xarid qilishni jadallashtirish boʻyicha JSSTning xalqaro dasturi uchun 31,3 milliard dollar kerak.
Koronavirusga qarshi kurash hali susaygani yoʻq
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, koronavirusga qarshi kurash hali davom etmoqda. Uning oldini olish,olish davolash, bartaraf etish bilan bogʻliq oʻta dolzarb masala hozirgacha uzil-kesil hal etilgani yoʻq. Shu bois JSST odamlarni hushyorlikka chaqirmoqda.
“Kam odam virusga chalingan va immunitet hosil qilgan. Shuni unutmaslik kerakki, dunyoda hali juda koʻp odamlar virusni yuqtirishi ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda”, - deydi JSST mutaxassisi Jenevada boʻlib oʻtgan brifingda.
Eng katta xavf virusning aholi orasida tarqalishidir. Shu bois JSST barchani vaziyatga masʼuliyat bilan qarashga, imkon qadar odamlar toʻplangan joyga barmaslikka va albatta, niqob taqishga chaqirmoqda.
“Hozirgi sokinlik ehtimol birinchi toʻlqindan oʻtib olganimizni bildirar, lekin u bizni toʻfon markazida ekanimizga ishora qilayotgan boʻlishi ham mumkin”, deydi ekspertlar.
Internet materiallari asosida Saidmurod Rahimov tayyorladi,