Koronavirus: Oʻzbekistondan tashqarida
AQSHda virusdan zararlanib olamdan oʻtganlar soni 2001-yil 11-sentyabr voqealarida qurbon boʻlganlardan 3 marotaba koʻproqdir.
Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq toʻlqinlar hali hanuzgacha dolzarb boʻlib, kasallanganlar soni muttasil ortib bormoqda. Deyarli butun dunyo birlashgan holda bugun virusga qarshi chora tadbirlar ishlab chiqmoqdalar, fuqarolar imkon qadar uyda oʻtirishlari, agar ortiqcha ehtiyoj boʻlmasa, koʻchaga chiqmasliklari soʻralmoqda.
Eng quvonchlisi, koronavirusning birinchi toʻlqini kechgan Xitoy Xalq Respublikasida oxirgi sutkada bitta xam kasal qayd qilinmagani boʻldi.
Shunga qaramay rasmiy Pekin karantinni bekor qilish toʻgʻrisida hali shoshilmaslik kerak, degan qatʼiy fikrda turibdi. Va odamlar koʻp yigʻiladigan va gavjum joylarda doimiy ravishda aholining tana haroratini oʻlchaydigan teplovizorlarni joriy qilish boʻyicha ishlar olib bormoqda. Ammo 8-apreldan Uxan oʻz hududlarini ochishi maʼlum qilindi.
AQSHda kasallanganlar soni 350 mingdan oshdi. Ammo Nyu-York shtatida kunlik oʻlim sonida birinchi marotaba kamayish tendensiyasi kuzatildi. Shunday boʻlsa-da, AQSHda virusdan zararlanib olamdan oʻtganlar soni 2001-yil 11-sentyabr voqealarida qurbon boʻlganlardan 3 marotaba koʻproqdir.
AQSH maʼmuriyati fuqarolarga karantin choralarini yana ham qatʼiy qoʻymoqda. Odamlar toʻplanib qolishini va kasallikni oldini olish maqsadida supermarketlarga faqatgina 1 nafar oila aʼzosi borishini tavsiya qilishmoqda.
Fransiyada virusga chalinganlar soni 70 mingdan ortib, qurbonlar soni 8 ming nafardan koʻpaydi. Mamlakatda ahvol murakkabligicha qolmoqda. Bir kunda reanimatsiya boʻlimlariga ogʻir holda tushayotganlar soni 140 ta odamni tashkil etyapti.
Ogʻir paytda oʻzgalarga yordam beruvchi oʻt oʻchirish xizmatida virusga chalinganlar 30 taga yetdi. Kasalxonalarga dorilarni yetkazib berishda taqchillik yuzaga kelmoqda. Koʻpgina eng zaruriy dorilar va tibbiyot vositalari Hindiston va Xitoydan import qilinmoqda.
Italiyada ham qaysidir maʼnoda ijobiy holat vujudga kelmoqda. Ikki kundan buyon jonlantirish boʻlimiga tushayotganlar soni kamaymoqda. Jami virus yuqtirgan bemorlar 133 ming kishiga yetdi, shundan salkam 16 mingi oʻlim bilan yakunlangan.
Kecha Xitoydan yuborilgan 40 tonna insonparvarlik yuklari Sitsiliya oroli aholisi uchun yetkazib berildi. Rim aholisi uchun esa mashhur “Alibaba Group” fondi tomonidan 100 ta respirator ortilgan 4 ta yuk mashinasi, 50 ming dona niqob, 50 mingta meditsina xalatlari va boshqa kerakli vositalar yetkazib berilmoqda.
Germaniyada kasallanganlar soni 100 minglik dovondan oshdi. Ammo ularning qariyb 30 mingi tuzalib chiqdi, 1600 ta oʻlim holati yuz berdi. Germaniya hukumati virusning ikkichi toʻlqini boshlanishidan xavfsirab, barcha kasalxonalarning intensiv davolash boʻlimlaridagi oʻrinlarni amaldagi 28 mingdan 40 minggacha koʻpaytirdi.
Hukumat mamlakatda yashayotgan har bir fuqaro salomatligi toʻgʻrisida chuqur qaygʻurish va sifatli tibbiy xizmat masalasiga chuqur yondashish kerakligini aytib, ixtiyoriy test topshirish amaliyotlarini kuchaytirmoqda. Sababi, inson hech bir kasallik alomatlarisiz ham bu virusni tashuvchisi boʻlishi mumkinligi isbotlandi.
Britaniyada hozirgacha mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni 55 ming nafarga yetdi, sutkasiga 3700 tadan koʻpaymoqda. Kasallik bosh vazir Boris Jonsonda ham aniqlandi va siyosatchi yuqori tana harorati bilan kasalxonaga yotqizildi. Mamlakatdagi ahvol hozirgacha juda ogʻir deya baholanmoqda.
Rossiya Federatsiyasida qatʼiy karantin choralarini qoʻllayotganiga qaramasdan virus davlatning 79 ta hududlarini va 5,5 ming fuqaroni qamrab oldi. Birgina Moskva shahrining oʻzida 4 ming kasallanganlar aniqlandi va umumiy kasallanganlarning 66 foizi poytaxt ulushiga toʻgʻri kelmoqda. Mamlakat boʻyicha hozirgacha 700 ming test oʻtkazildi. Rossiyada koronavirus bilan ogʻriyotganlar asosan 45 yoshdan kichiklar, deya aytilmoqda.
Albatta, biz yuqorida koʻrib oʻtgan rivojlangan davlatlardagi vaziyat bilan yurtimizdagi chora-tadbirlarni qiyoslaganda bizda ancha qatʼiy ishlar olib borilayotganiga guvoh boʻlamiz. Shunga qaramay, kasallikni yuqtirib olganlar soni 500 kishilik psixologik noxush chegaradan oʻtgani har birimizni sergak va ogoh qilishi shart.
Bir-biriga uzviy bogʻlangan bu davom etuvchi “zanjirni” uzish va xatarni toʻxtatishning eng samarali yoʻli – har bir inson oʻz uyini mustahkam va muqaddas qoʻrgʻon bilib, muloqotni imkon qadar cheklab tashlashi kerak. Atrofimizdagi insonlar va oila aʼzolarimizning nainki hayoti uchun avvalo oʻzimiz masʼulmiz.
Gulruxsor RAVSHANOVA,
xalqaro sharhlovchi