Ko‘rgazmali seminar – tajriba almashish maydoni
“Zarafshan Golden Group” kompaniyasi tashabbusi bilan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtoklavli gazobeton va boshqa qurilish materiallari ko‘rgazmali seminari tashkil etildi.
Navoiy viloyati va yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan qurilish sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari va tadbirkorlar ishtirok etgan ko‘rgazmali seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad, yangi qurilish materiallarini namoyish etish, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashishdan iborat.
“Zarafshan Golden Group” kompaniyasi tomonidan qiymati 11 million AQSH dollari miqdoridagi Rossiya, Xitoy, Italiya, Ispaniya va Turkiya davlatlaridan eng zamonaviy texnologiyalar asosida ikkita yirik innovatsion loyihaning amalga oshirilishi natijasida korxonada qurilish mahsulotlari sifat va samaradorligi yaxshilandi.
– 2020-2021 yillarda 2 ta loyihani amalga oshirdik, – deydi kompaniya marketing bo‘limi boshlig‘i Aziz Abdullayev. – Birinchisi temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘lsa, ikkinchisi gazobeton blok ishlab chiqarish loyihasidir. Navoiy shahrining kichik sanoat zonasida joylashgan Xitoyning “KEDA” kompaniyasidan keltirib o‘rnatilgan texnologiyalar asosida avtoklav usulida tayyorlanadigan gazobeton blok ishlab chiqaruvchi korxona yiliga 150 ming metr kub mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ispaniyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan temir-beton ishlab chiqarish sexida shu paytga qadar 10 nafar ishchi kuchi bilan sutkada o‘rtacha 10-15 tagacha mahsulot tayyorlangan bo‘lsa, zamonaviy texnologiya asosida ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshdi. Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonamizda Yevropa standartlari asosida 400 ming metr kvadrat 50 turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, gazobeton blokdan foydalanish kurilish-montaj ishlari muddatini to‘rt baravargacha kamaytirib, umumiy xarajat sarfini ham bir necha baravar qisqartiradi. Gazobeton – g‘ovak (teshik-teshik) betonning bir turi bo‘lib, zamonaviy qurilish materialidir. Uni ba’zan “sun’iy tosh” deb ham atashadi. Oddiy betondan farqi – tarkibida 1-3 millimetrli pufaklar mavjud bo‘lib, ular tufayli beton yengil, yetarli darajada mustahkam hamda issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga ega bo‘ladi.
– Navoiy shahrida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan yurtimiz qurilish bozoriga devorbop mahsulot sifatida kirib kelgan avtoklavli gazobeton va boshqa qurilish materiallarini ko‘zdan kechirdik, – deydi “Nukus Nur Prom Jil Stroy” qurilish korxonasi mas’ul xodimi Jaruqasim Ortiqov. – Seminarda bu yerda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari bo‘yicha tushunchalar olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonini bevosita kuzatdik. Shuningdek, ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Mutaxassislar bilan o‘zaro fikr va tajriba almashdik.
bugungi kunda bir paytlar qarovsiz qolgan manzillar ulkan qurilish maydoniga aylangan. Ko‘p qavatli turar joy binolari, zamonaviy inshootlar qurilmoqda. Shu bilan birga, yurtimizda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan korxona, tadbirkorlik sub’ektlari soni kun sayin ortmoqda. Bu esa o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda rivojlanish va ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish deganidir.
[gallery-4870]
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA