Koreyalik shifokorlar O‘zbekistonda
O‘zbekiston ko‘plab yo‘nalishlar kabi tibbiyotda ham rivojlangan davlatlar bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatimiz shifokorlarining Janubiy Koreya mutaxassislari bilan o‘rnatilgan yaqin aloqalari ham soha taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Shu kunlarda Janubiy Koreyaning “Ewha Womans University” gospitali xodimlaridan iborat delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Tashrif dasturiga muvofiq, koreyalik mehmonlar 5 fevral kuni ertalab poytaxtimizdagi Pediatriya-tibbiyot instituti hamda Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.
Kunning ikkinchi yarmida xorijlik shifokorlar “Sog‘lom avlod uchun” fondi tibbiy-ijtimoiy markazida poytaxtimiz aholisining ehtiyojmand qatlamiga mansub oilalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ikki kunga mo‘ljallangan ushbu tadbir terapevt, jarroh, endokrinolog, pediatr va boshqa mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda. Ko‘rik davomida shifokorlar ko‘rsatmasi bo‘yicha gumanitar yordam ko‘rinishidagi dori-darmon ham beriladi.
[gallery-15801]
Ma’lumki, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, ruhan tetik farzandlarni tarbiyalash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, “Sog‘lom avlod” harakatini rivojlantirish maqsadida qator tadbirlar o‘tkazib kelmoqda. Qolaversa, davlat dasturlari ijrosini ta’minlashda jamg‘arma xorijiy davlatlardagi xayriya tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik qilib keladi. Ayniqsa, “Sog‘lom avlod uchun” fondi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Janubiy Koreyaning “Ewha Womans University” gospitali bilan 2022 yil 24 yanvardagi shartnoma doirasida ushbu muassasa xodimlari har yili respublikamizga kelib, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularga dori-darmon bilan insonparvarlik yordami ko‘rsatmoqda. Mazkur tashkilot ko‘magi bilan 2014-2017 yillar mobaynida jami 3467 kishi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 35 nafar kuyish asorati bilan bemor bolalarda plastik operatsiya samarali amalga oshirildi.
“Ewha Womans University” gospitali 7-9 fevral kunlari Sirdaryo viloyati, Sirdaryo shahrida ham bo‘lishadi.
Saidmurod Rahimov, Nosirjon Haydarov, O‘zA