Koreya banki bilan kasbiy ta’limni modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihaga qadam qo‘yildi
Mamlakatimizda ta’lim tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ayniqsa, kasbiy ta’limni yangi bosqichga olib chiqish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Koreya Eksport-Import banki (Eximbank)ning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sangjing Kang o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ana shu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, kasbiy ta’lim muassasalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma loyihani amalga oshirish, uning amaliy bosqichlarini jadallashtirish masalalari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.

Muzokaralarda kasbiy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy etish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, raqamli laboratoriyalar tashkil etish, interaktiv ta’lim muhitini shakllantirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va zamonaviy o‘quv kontentlarini yaratish loyihaning muhim tarkibiy qismi sifatida qayd etildi.
Uchrashuv davomida loyihani amalga oshirish jarayoni, tayyorgarlik ishlari va tashkiliy bosqichlarda erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar loyihani belgilangan muddatlarda samarali amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida esa o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, barcha jarayonlarni muvofiqlashtirish va qo‘shma loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur hamkorlik kasbiy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarning raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA