“Korea week – 2019” haftaligi boshlandi
Yurtimizda Koreya Respublikasi haftaligi – “Korea Week – 2019” maʼrifiy tadbiri boshlandi.
Yurtimizda Koreya Respublikasi haftaligi – “Korea Week – 2019” maʼrifiy tadbiri boshlandi. Poytaxtimizdagi Koreya Respublikasi elchixonasi qoshidagi taʼlim markazida tashkil etilgan “Koreyada taʼlim” nomli maʼrifiy koʻrgazma ushbu haftalikka start berdi.
Oʻzbekiston hamda Koreya Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatga 2017-yil noyabr oyidagi ilk tashrifi hamda joriy yilning aprel oyida Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning mamlakatimizga tashrifi bu boradagi hamkorlikni yangi, yanada istiqbolli bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan aloqalar taʼlim sohasida ham izchil rivojlanmoqda. Yurtimizda Koreya Respublikasi talim sohasiga taalluqli vazirlik va muassasalar zamonaviy axborot texnologiyalari, injeneriya, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda hamkorlik qilib keladi. Ayni paytda talabalar va oʻqituvchilarning akademik almashinuvi, zavmonaviy texnik vositalar, oʻquv uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlash, til oʻrganish sohasida birgalikda koʻplab loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
“Koreyada taʼlim” nomli koʻrgazmada ham mazkur davlatning Konguk, Gonyang, Kukmin, Tanguk, Tegu, Teguxani, Tonmyong, Tona, Sogan, Sonmun, Semyon, Sukmyonyo, Sunchon, Sunchonxyang, Andong, Ulsan, Inxa, Chonnam, Chedjuxanna, Chonnam, Xangukyongsang, Xanrim, Xanyangyo kabi yetakchi universitetlari, ulardagi taʼlim yoʻnalishlari haqida yurtimiz yoshlariga batafsil maʼlumot berildi.
– Institutimiz iqtidorli talabalar uchun stipendilar, global maʼrifiy loyihalar, xorjiy talabalarni qoʻllab-quvvatlash, koreys tilini bilishga oid test – TOPIK imtihonini oʻtkazish va boshqa maʼrifiy dasturlarni tashkil etish bilan shugʻullanadi, – dedi Koreya Respublikasining Xalqaro taʼlim milliy instituti vakili Jeong Chang Yun. – Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganimizdan buyon 236 nafar yosh institutimizning stipendiati boʻldi. Bunday stipendiya sohibi boʻlish oʻqishga boʻlgan intilish va ishtiyoqning kuchliligi, koreys tilini puxta bilish kabi jihatlarga bogʻliq.
Sun Moon University yoki Sun Mun universiteti rivojlangan davlatlarga xos boʻlgan shovqin-suronli hayot tarzidan ancha olis boʻlgan osuda Asan shahrida joylashgan. U Koreya Respublikasidagi eng yaxshi 70 ta oliy taʼlim dargohi reytingidan oʻrin olgan.
– Universitetimizda texnika, axborot texologiyalari, muqobil energetika yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash ustuvor oʻrin egallaydi, – dedi mazkur universitetning xorijiy talabalar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Dong Xo Djun. – Oʻquv dargohimizda oʻzbekistonlik yoshlar ham tahsil oladi. Ular intizomi, odobi, tirishqoqligi bilan oʻqishda yaxshi natijalarni qoʻlga kiritmoqda.
Oʻzbekistonlik Faxrinur Bozorov Sunchongxyang universitetida logistika yoʻnalishi boʻyicha birinchi bosqichda tahsil oladi. Uning aytishicha, Koreyadagi universitetlarga kirish gʻoyat oson, biroq ularda taʼlim olish murakkab ekan. Belgilangan vazifalarni qunt bilan bajarish, oʻqishga astoydil kirishish, bilimlarni puxta oʻzlashtirish kabi jihatlar bunda asosiy rol oʻynaydi. Ayni paytda xorijda talaba boʻlish Vatan, ota-ona, tugʻilib oʻsgan maskan, oila, qadrdon xonadon qadriga yanada koʻproq yetishga ham oʻrgatishi bilan ahamiyatlidir.
– Bunday koʻrgazmalar xorijiy universitetlar haqida koʻproq bilishga undaydi, – dedi Oydin Serjanova. – Koreya Respublikasidagi media va sanʼatga oid universitet haqida toʻlaqonli maʼlumotga ega boʻldim. Universitetdagi bakalavriat yoʻnalishlari roʻyxatidan oʻzim uchun qiziqarli boʻlgan sohani topdim.
Koʻrgazma davomida grant dasturlari, bakalavriat va magistratura, til oʻrganish kurslari, mutaxassislik sohasini tanlash boʻyicha amaliy koʻmak boʻyicha yoshlarga batafsil maʼlumot berildi.
6-oktyabrga qadar davom etadigan “Korea Week – 2019” maʼrifiy tadbiri doirasida koʻrgazmalar, konsertlar, tibbiyot, tadbirkorlik, ishlab chiqarish sohasi vakillari muloqotlari, “Medical Korea 2019” tibbiyot koʻrgazmasi, hamkorlikdagi toʻqimachilik texnoparkining ochilishi, yoshlar festivali, taekvondo boʻyicha oʻsmirlar chempionati, biznes maslahatlashuvi va boshqa koʻplab qiziqarli tadbirlar oʻtkaziladi.