Ko‘raverib ko‘zimiz o‘rganayotgan xatolar...
Har kuni yo‘limizda uchraydigan e’lonlar, savdo markazlari, do‘kon, bekatlar nomlarini o‘qib ko‘nglimiz g‘ash bo‘lmoqda. Chunki bu yozuvlarda turli xildagi xatolarni uchratyapmiz. Nahotki qisqa yozuvlar yoxud e’lon va reklamalar chop qilinishidan oldin tilimizning imlo qoidalariga solishtirib ko‘rilmasa?!
Hech bo‘lmaganda yaqin atrofdagi maktablarda faoliyat olib borayotgan ona tili o‘qituvchilaridan ham yozuvning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini so‘rab olish mumkin-ku. Eng yomoni, ayrim imloviy xato bilan yozilgan bunday so‘zlarning o‘z muddatini o‘tab bo‘lguncha bemalol osilib turishidir. Axir uni ko‘raverib ko‘z o‘rganadi va ayrim hollarda yoshlarni shu kabi xatolarga o‘rgatib qo‘yadiku...
Ko‘cha-ko‘yda uchratilayotgan ayrim xato yozuvli ma’lumotlarga befarq bo‘lmasligimiz kerak. Zero, bu holat ertangi kunda ham shunday xatolarni ko‘payishi, milliy tilimiz nufuzini tushishiga olib keladi.
Xabaringiz borki, Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra idora va tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Farmonga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi huzurida «Davlat tilini rivojlantirish departamenti» tashkil etilib, uning aniq vazifalari belgilab berilgan. Unga ko‘ra davlat idoralari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy hokimiyat organlarining davlat tilida ish yuritishi, davlat idoralarida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishi ustidan nazorat olib borishini monitoring qilish tizimi yaratildi.
«Davlat tili haqida»gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinadi. Shu bilan birga, ushbu qonunning 10-moddasiga ko‘ra korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda esa, davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
«O‘zstandart» agentligida tashkil etilgan Davlat tilida ish yuritishni tahlil qiluvchi ekspert guruhi a’zolari O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Buxoro filialida bo‘lib, yuqoridagi Farmon ijrosi yuzasidan tanqidiy-tahliliy o‘rganish olib bordi. Xususan, filial laboratoriyalarida tekshiruvlardan o‘tkazilgan uskunalarga berilayotgan sertifikatlarni aynan davlat tilida yozish, yozganda ham o‘zbek tili imlo qoidalariga to‘liq amal qilgan holda xato va kamchiliklarga o‘rin qoldirmagan holda amalga oshirilishiga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, filialga qarashli barcha tashqi yozuvlar, e’lonlar va boshqa ko‘rgazmali axborot - reklama matnlari Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishi ta’minlandi.
Davlat tili mavqeyini oshirishda har bir idora vakillari, har bir yurtdoshimiz mas’uldir. Bugun o‘zbek tili imlo qoidalariga mos bo‘lmagan, xato yozilgan ma’lumotlarni yonidan shunchaki o‘tib ketib bo‘lmaydi. Bunga albatta munosabat bildirish va xatoni to‘g‘ri tushuntirish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Ma’rufjon Jalilov,
O‘zbekiston milliy metrologiya
instituti direktori o‘rinbosari