Ko‘pning haqini yegan ko‘karmaydi
“Jizzax suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Mirzacho‘l filiali mansabdor shaxslari tashkilot ixtiyoridagi suv nasosi uchun mo‘ljallangan transformatorni sotayotgan paytida qo‘lga tushdi.
Qishli-qirovli, sovuq kunlarida aholiga ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy hamda suyultirilgan gaz va boshqa issiqlik ta’minoti yetkazib berish har qachongidan ham muhim va dolzarb masala hisoblanadi.
Yurtimizda fuqarolar farovonligini o‘ylab, ushbu sohalarga berilayotgan e’tibor va davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga qaramasdan, Jizzax viloyatida xalqning ishonchiga sovuqqonlik bilan qarab, davlat mulkini shaxsiy boylik orttirish maqsadida talon-taroj qilib kelayotgan amaldorlarning borligi o‘ta afsuslanarli holatdir.

Jizzax viloyati huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Jizzax suv ta’minoti” MCHJ Mirzacho‘l filiali mansabdor shaxslari tashkilot ixtiyoridagi suv nasosi uchun mo‘ljallangan qiymati 70 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 100 kVt. quvvatli transformatorni “hotamtoylik” bilan 18 million so‘mga sotayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Davlat mulki – bu xalq mulki. Ko‘pning haqini yegan ko‘karmaydi, deb dono xalqimiz bejizga aytmagan. Nafsining quli bo‘lgan bu mansabdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Qayumov,
O‘zA