Ko‘p qavatli uylarda sharoitlar yanada yaxshilanmoqda
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida ko‘p qavatli uylarda energiya samaradorligini oshirish, zamonaviy issiqlik ta’minoti tizimlarini joriy etish hamda uy-joy fondini yangilash masalalariga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi. Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda turli soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hamrohligida Guliston shahrining “Bo‘ston” va “Buyuk kelajak” mahallalarida joylashgan, 90 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatayotgan “Istiqlol kommunal xizmat ta’mir” boshqaruv-servis kompaniyasi hamda shu mahallada Eron texnologiyasi asosida qurilib, foydalanishga topshirilgan RK-1 va RK-2 qozonxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur markazlashgan issiqlik ta’minoti ob’ektlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida barpo etilgan bo‘lib, ular orqali 52 ta ko‘p qavatli uydagi 2 409 ta xonadon muntazam ravishda issiqlik energiyasi bilan ta’minlanmoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun Respublika byudjeti hisobidan 22,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Qozonxonalar zamonaviy, energiya tejovchi uskunalar bilan jihozlangan. Ular orqali yiliga 3,5 million kub metr tabiiy gaz va 12,8 million kVt/soat elektr energiyasi tejalishi ta’minlanadi.

– Ko‘rib turganingizdek, Sirdaryo viloyatida davlatimiz rahbarining tashabbus va rahnamoligi ostida keng ko‘lamdagi qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu faqatgina ko‘chmas mulk ob’ektlarining texnik holatini yaxshilash emas, balki aholi uchun qulay, xavfsiz va munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgan keng qamrovli islohotlaridir.
Har bir loyiha markazida inson manfaati turibdi – ya’ni fuqarolarimizga munosib yashash sharoiti yaratish, hayot sifatini oshirish va ularning kundalik ehtiyojlarini ta’minlash ustuvor maqsad qilib belgilangan. Bu kabi o‘zgarishlar nafaqat shahar infratuzilmasining zamonaviylashuviga, balki xalqimiz turmush darajasining yuksalishiga ham kuchli turtki bermoqda, – dedi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva.

Press-tur doirasida ishtirokchilar ko‘p qavatli uylarning fasad qismlarini energiya tejovchi zamonaviy materiallar bilan izolyatsiya qilish, uy-joy infratuzilmasini yaxshilash va obodonlashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan amaliy ishlar bilan ham tanishdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatida infratuzilmani rivojlantirishga doir qarori asosida hududda 215 ta ko‘p qavatli uyni qamrab olgan maxsus manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Ushbu dastur doirasida uylarning tom va fasad qismlarini ta’mirlash, issiqlik ta’minotini yaxshilash, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash va atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari rejalashtirilgan.

Ayni paytda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari hisobidan Guliston shahridagi 122 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismlari bazalt asosidagi energiya tejovchi izolyatsion materiallar bilan qoplanmoqda.
Ushbu ishlar natijasida ko‘p qavatli uylar nafaqat estetik jihatdan yangilanmoqda, balki ularning energiya samaradorligi ham oshirilib, aholi uchun qulay va barqaror turmush sharoiti yaratilyapti.
Ayni paytda mazkur mahallalarda qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Bunyodkorlik ishlariga malakali mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, belgilangan muddatlarda sifatli va samarali ishlarni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va ta’mirlash ishlari mahalliy aholi tomonidan katta mamnuniyat va minnatdorlik bilan qarshi olinmoqda. Ayniqsa, ko‘p yillar davomida yechilmay kelayotgan infratuzilma muammolarining bartaraf etilayotgani fuqarolar uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Bo‘ston” mahallasining ko‘p yillik faoli, mehnat faxriysi Gulchehra Pardayeva bu borada shunday fikr bildirdi:
– Ba’zi uylarimizga 40–50 yil bo‘lgan. Ilgari yomg‘ir yoqsa, tomdan suv oqardi, yoz faslida esa uy ichida o‘tirishning iloji bo‘lmasdi. Isitish tizimi ham deyarli ishlamasdi. Bugun esa Prezidentimizning tashabbuslari tufayli tomlarimiz yangilandi, fasadlar bazalt materiallar bilan qoplandi. Uylarimiz nafaqat chiroyli ko‘rinishga ega bo‘ldi, balki qishda sovuqdan, yozda issiqdan himoya qilinadigan mustahkam binoga aylandi. Hozirda doimiy issiq suv ham bor. Biz keksalar uchun bu kabi sharoitlar juda katta qulaylikdir. Bundan juda xursandmiz.
– Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilangani sababli odamlar bizning kompaniyaga ishonch bilan murojaat qilmoqda, – deydi “Istiqlol kommunal xizmat ta’mir” boshqaruv-servis kompaniyasi raisi Zamira Zulfiqorova.– Bugungi kunda yetarlicha ishchi kuchi va zamonaviy texnik bazamiz mavjud. Shuningdek, 24 soatlik dispetcherlik xizmati faoliyat yuritmoqda. Bu orqali har qanday muammoga tez va aniq javob qaytarish imkonimiz bor. Mahalliy aholining roziligi va mamnunligi bizning faoliyatimizga berilgan eng katta bahodir.
Mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro Muhammadjon Abdurasulov esa o‘z fikrini shunday ifoda etdi:
– Bundan o‘n besh yil avval uylarimizning yerto‘lasi oqava suv bilan to‘lardi. Pashsha va chivinlardan tinchlik bo‘lmasdi. Bugun esa yerto‘lalar quritildi, sanitariya holati ancha yaxshilandi. Endi aholi hayotida haqiqiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Gulistondagi islohotlar natijasi har bir xonadonda o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Umuman olganda, Sirdaryo viloyatida olib borilayotgan bu kabi keng ko‘lamli islohotlar nafaqat uy-joylarni yaxshilash, balki fuqarolarning kundalik turmushini yengillashtirish, ular uchun qulay, xavfsiz va munosib yashash muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Press-tur jarayonida ishtirokchilar nafaqat Sirdaryo viloyatida, balki Respublika miqyosida ham Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari hamda kommunal xizmatlar sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, ular qurilish, ta’mirlash, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan joylarda tanishib, ayrim masalalar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini ham bildirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri