Ko‘p qavatli uylar: xizmat ko‘rsatish, muammo va yechim
Andijon viloyatidagi 1 ming 796 ta ko‘p qavatli uylarga 216 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va 18 ta boshqaruv tashkiloti xizmat ko‘rsatmoqda.
Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, obodonlashtirish, holatini saqlab turish doimiy e’tiborda. Biroq, ularning barchasi ham samarali ishlamoqda, zimmasiga yuklatilgan vazifani ko‘ngildagidek bajarmoqda, deb bo‘lmaydi.
O‘tgan 2021 yilda shirkatlarning faoliyati, ularning moliyaviy holati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 295 ta uy-joy shirkatlaridan 208 tasining moliyaviy holati “og‘ir” toifaga ajratildi. Yuzaga kelgan salbiy holatni yaxshilash maqsadida ana shu shirkatlarning 79 tasi tasarrufida bo‘lgan 619 ta ko‘p qavatli uylar xizmat ko‘rsatish boshqaruv tashkilotlariga o‘tkazib berildi. Joriy yilning boshida olib borilgan monitoringlar natijasiga ko‘ra, 216 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan yana 98 tasining moliyaviy holati og‘ir, 108 tasining holati “o‘rta”, faqat 10 tasining holati “yaxshi”, deb topildi. Ana shu shirkatlarning deyarli barchasi moddiy-texnik bazasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Shirkatlarning kredit qarzdorligi joriy yilning 1 mart holatiga 86,2 milliard so‘mni, shu jumladan, “og‘ir” holatdagi shirkatlarning qarzdorligi 48,5 milliard so‘mni tashkil etgan. Qarzdorlik bo‘yicha Andijon shahridagi shirkatlar karvonboshilik qilmoqda, ularning qarzdorligi 15 milliard so‘mdan ortgan. Keyingi o‘rinlarni Marhamat (qarzdorligi 5 milliard so‘m), Qo‘rg‘ontepa (qarzdorligi 3,3 milliard so‘m), Paxtaobod (qarzdorligi 2,8 milliard so‘m), Baliqchi (qarzdorligi 2,7 milliard so‘m) tumanlaridagi shirkatlar egallab turibdi.
Viloyatda yuzaga kelgan og‘ir holatni yaxshilash, bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, kommunal xizmatlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, mulkdorlar ishonchini qozonish maqsadida mutasaddi tashkilotlar hamkorligida zarur chora-tadbirlar rejasi belgilangan. Boshqaruv tashkilotlariga 10 dona assenizator, 6 dona gidro ko‘targich uskunasi, 10 ta motoroller, 14 ta maxsus jihozlangan Damas avtomobili xarid qilish uchun 11,3 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Andijon shahrining tanlab olingan “Yoyilma”, “Sog‘lom avlod” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi “og‘ir” toifadagi shirkatlar tasarrufida bo‘lgan 134 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatish “eksperiment” tariqasida “Shinam Mahalla” boshqaruv tashkilotiga topshirildi. Faoliyati yo‘lga qo‘yilgan mazkur tashkilotning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 200 million so‘m mablag‘ ajratilib, 2 ta motoroller hamda 50 turga yaqin zarur kichik mexanizmlar, xom-ashyo materiallari, idora jihozlari xarid qilindi.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish, ko‘p qavatli uylarda yuzaga kelayotgan avariya holatlarini o‘z vaqtida bartaraf etish uchun 24 soat mobaynida faoliyat ko‘rsatuvchi “Dispetcherlik xizmati” va avariya guruhi tashkil etildi.
Hozirda ularda 27 ta ishchi-mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda Boshqaruv tashkiloti tomonidan binolarning umumfoydalanuvdagi qismlari bilan birga, kvartiralar ichki qismiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi 43 taga yetkazildi. Boshqaruv tashkiloti xizmat ko‘rsatayotgan uylarda yashovchi 127 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, majburiy to‘lovlar uchun subsidiya ajratiladigan oilalar ro‘yxati shakllantirildi.
Tanlangan hududda amalga oshirilgan ishlar natijasida ko‘p qavatli uylarda yuzaga kelgan avariya va nosozliklar tezkor bartaraf etilmoqda. 5 ming nafarga yaqin mulkdorlarning majburiy badal to‘lovlari “Mening uyim” elektron tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 16 ming nafardan ziyod aholi sifatli uy-joy kommunal xizmatlar bilan ta’minlanmoqda. Joriy yilning yakuniga qadar 98 ta “og‘ir” shirkatlar xizmat ko‘rsatayotgan 532 ta ko‘p kvartirali uylarni shahar va tumanlarda tashkil etilgan 18 ta boshqaruv tashkilotlariga biriktirish va aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA