Ko‘p qavatli uylar UZKAD orqali to‘liq raqamli ro‘yxatga o‘tkaziladi
Kadastr agentligi tomonidan Davlat kadastrlari palatasi Markaziy apparati binosida «Ko‘p kvartirali uylar reyestri» axborot tizimining taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanini Davlat kadastrlari palatasi raisi Mohir Valiyov ochib berdi. Ushbu axborot tizimi ko‘p kvartirali uylarni texnik hisobga olish, texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish, foydalanishga qabul qilish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish maqsadida ishlab chiqilgani ta’kidlandi.
Tizim sohaga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish, ma’lumotlar shaffofligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, u orqali quruvchilar tomonidan arizalarni elektron shaklda yuborish, ko‘p kvartirali uylar va ularga tegishli ob’ektlar bo‘yicha yagona kadastr hamda texnik pasportlarni shakllantirish, davlat axborot tizimlari bilan integratsiya asosida ma’lumot almashinuvini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
[gallery-29743]
Matbuot anjumani davomida yangi tizimning funksional imkoniyatlari, ishlash mexanizmlari, aholi va qurilish sohasi uchun yaratilayotgan qulayliklar hamda amaliy afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda qayd etilishicha, 2026-yil 1-iyundan boshlab mamlakatda ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish, kadastr pasportlarini rasmiylashtirish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan tizim — UZKAD axborot platformasi orqali amalga oshiriladi.
Ushbu yangilik qurilish sohasida shaffoflikni oshirish, hujjat aylanmasini soddalashtirish hamda mulk huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Matbuot anjumanida Davlat kadastrlari palatasi boshqarma boshlig‘i Ahmad Nasriddinov ham tizimda ko‘p kvartirali uylarni shakllantirish jarayonlari haqida ma’lumot berdi.
– Yangi tartibga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylar qurilishi yakunlangandan so‘ng arizalar my.gov.uz portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi boshqarma boshlig‘i A.Nasriddinov. – Barcha ma’lumotlar avtomatik ravishda UZKAD tizimiga uzatiladi va raqamli tarzda qayta ishlanadi. Bunda muhim shart belgilangan: uy joylashgan yer uchastkasi oldindan davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi shart. Bu talab qurilish jarayonlarining qonuniyligi va mulk munosabatlarida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, loyiha hujjatlaridan chetga chiqilgan holatlar — qo‘shimcha qavatlar yoki kvartiralar qurilgani, umumiy mulk ob’ektlari aks ettirilmagani yoki yer uchastkasi chegarasidan tashqari qurilmalar mavjud bo‘lsa, ariza rad etiladi.
Ariza qabul qilinganidan so‘ng UZKAD tizimida yer maydoni, turar va noturar binolar, kvartiralar hamda umumiy foydalanish joylari bo‘yicha to‘liq raqamli inventarizatsiya amalga oshiriladi. Binoning barcha parametrlari elektron xaritada aks ettirilib, yagona davlat reyestriga kiritiladi
Natijada ko‘p kvartirali uy uchun yagona kadastr pasporti shakllantiriladi. Unda uy tarkibidagi barcha ob’ektlar — kvartiralar, xizmat xonalari va umumiy mulklar haqida to‘liq ma’lumot jamlanadi. Shundan so‘ng hujjatlar elektron tarzda Qurilish nazorati inspeksiyasiga yuboriladi.
Foydalanishga qabul qilish ruxsatnomasi berilgandan keyin har bir kvartira, noturar joy va umumiy mulk ob’ektlari uchun alohida kadastr pasportlari rasmiylashtirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Yangi tizim orqali barcha ma’lumotlarning yagona platformada yuritilishi ta’minlanadi. Bu esa ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytiradi, inson omili bilan bog‘liq xatolarni minimallashtiradi hamda jarayonlarni tezlashtiradi.
Ilgari ko‘p kvartirali uylarda kvartiralar, noturar joylar va umumiy mulk ob’ektlari alohida hisobga olinar, har biri uchun alohida kadastr pasporti rasmiylashtirilar edi. Umumiy mulk ob’ektlari esa axborot tizimlarida to‘liq aks etmas edi.
Endi esa barcha ob’ektlar yagona tizimda kompleks hisobga olinadi. Bir uy doirasida barcha mulklar bir vaqtning o‘zida rasmiylashtiriladi, yagona kadastr pasporti shakllantiriladi va barcha ma’lumotlar UZKAD orqali yuritiladi. Bu fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni sezilarli darajada kamaytiradi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar batafsil javob berdi.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA