Ko‘p qavatli uylar kuz-qish mavsumiga tayyormi?
Andijon viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, qish mavsumini betalafot o‘tkazish, mavjud muammolarni bartaraf etish, xususan, viloyatdagi ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– Ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasidagi ishlar reja asosida amalga oshirilmoqda, – deydi Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Fazliddin Alijonov. – Birinchi navbatda ko‘p qavatli uylarda aholiga qulayliklar yaratish, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha hokimliklar, mahalla fuqarolar yig‘inlari, uy-joy boshqaruv servis kompaniyalari bilan hamkorlikda choralar ko‘rilib, kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazishga qaratilgan zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 2 ming 200 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ularning 1 ming 512 tasi 1991 yilgacha, 688 tasi 2016-2025 yillarda barpo etilgan. Mazkur uylarga 26 uy-joy boshqaruv-servis kompaniyalari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.
Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi, mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari bilan hamkorlikda viloyatdagi har bir ko‘p qavatli uyning, jumladan, uylarning tom qismi, kirish yo‘laklari, yerto‘lalar, yo‘lakchalar, tabiiy gaz, suv, elektr energiyasi tarmoqlari, kanalizatsiya tizimlarining holati to‘liq o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklardan kelib chiqib, zarur chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida viloyatdagi 87 ta ko‘p qavatli uyni ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda ana shu reja asosida amaliy ishlar olib borilmoqda.
[gallery-25344]
Bugungi kunga qadar belgilangan ishlarning 95 foizi bajarildi, aniqlangan muammo va kamchiliklar bartaraf etildi. Jumladan, 83 ta uy, 8 ta uyning tom va tarnov qismlari, 70 ta uyning kirish yo‘laklari, 14 ta uyning yerto‘la qismdagi muhandislik tarmoqlari, 5 ta uyning xonadon ichidagi muhandislik tarmoqlari, 54 ta uyning fasad qismi ta’mirlandi.
Bundan tashqari, 124 kvadrat metr hajmdagi framuga romlari, 500 dan ortiq energiyatejamkor lampalar, 56 ta elektr energiyasini taqsimlovchi shit ta’mirlandi. Bir qancha ko‘p qavatli uylar oldidagi bolalar maydonchalari tartibga keltirildi, uylarning tashqi yoritish chiroqlari yangilandi.
Viloyatdagi qator ko‘p qavatli uylarda tabiiy gaz, ichimlik suvi ta’minoti, issiqlik uzatish tarmoqlarini yaxshilash maqsadida 2 kilometr uzunlikdagi quvurlarni mukammal va joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Hozirga qadar 0,4 kilometr issiqlik tarmog‘i ta’mirlandi. Bundan tashqari, jami 44,7 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i, 110 ta nasos uskunasini mukammal va joriy ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 110 kilometr tarmoq hamda 104 ta nasos uskunasi ta’mirlandi.
Belgilangan ishlarni amalga oshirishda Andijon shahridagi “Biotex servis”, “Shinam mahalla”, “Yoyilma shinam”, Xonobod shahridagi “Xonobod obod uy”, Izboskan tumanidagi “Poytug‘ obod uylari” mas’uliyati cheklangan jamiyati singari boshqaruv servis kompaniyalari namunali ish olib bormoqda.
– Kompaniyamiz Andijon shahrining “Yoyilma”, “Yangi Bo‘ston”, “Nodirabegim”, “Sog‘lom avlod” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 134 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi, – deydi “Yoyilma shinam” MCHJ boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Avazbek Mansurxo‘jayev. – Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida uylarning 28 ta kirish yo‘lagi (pod’ezd)ga zamonaviy temir eshik, 11 tasiga framuga romlari, 113 ta yoritish chiroqlari o‘rnatildi, 9 ta bolalar maydonchasi, 3 ta uyning 210 kvadrat metr tom qismi ta’mirlandi. Maqsadimiz, aholiga qulaylik yaratish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashishdir.
Olib borilayotgan ishlardan aholi mamnun bo‘lmoqda.
– Uyimizning kirish yo‘lakchalari ta’mirlandi, oldi qismiga gullar, manzarali daraxtlar ekildi, – deydi Yangi Bo‘ston mahallasidagi 3-A uyda yashovchi, mehnat faxriysi Shavkatbek Boboyev. – Shu kunlarda pod’ezddagi elektr energiyasini taqsimlovchi shitlar yangilab berildi. Umuman, hududimizga xizmat ko‘rsatuvchi uy-joy boshqaruv kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar e’tiborga molik.
Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, ayozli kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor bartaraf etish maqsadida tuman va shaharlar hokimliklari bilan hamkorlikda shtablar tuzilishi belgilab olindi.
Ayni kunda viloyatdagi ko‘p qavatli uylarda mavjud muammolarni o‘rganish va bartaraf etish, бир so‘z bilan aytganda qish mavsumida ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish, qishning ayozli kunlarini muammolarsiz o‘tkazish uchun zarur barcha ishlar amalga oshirilmoqda.
F. Ubaydullayev,Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari