Ko‘p asrlik do‘stlik tarixi yanada mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik, o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, mamlakatlarimiz o‘rtasida kuchli ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy baza yaratilgan. 1996 yilda qabul qilingan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma uning asosini tashkil qiladi. Ikki davlat mutlaqo yangi yo‘nalishlar, ayniqsa, iqtisodiyot, siyosat, madaniy-gumanitar va boshqa sohalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlamoqda.Buni so‘nggi besh yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy ayirboshlash uch barobar oshganida ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev uchrashuvlarda ikki xalqni mushtarak tarix, milliy urf-odat va an’analar, til, din va yagona turkiy kelib chiqish birlashtirib turishini doimo ta’kidlaydi. Darhaqiqat, qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy aloqalar chuqur o‘tmishga borib taqaladi. XI-XII asrlarda bizni yagona o‘g‘uz-saljuqiylar davlati birlashtirgan. Xorazmshohlar davrida ham xalqlarimiz bog‘lagani, Shirvanshohlar davlati bilan aloqalar o‘rnatilgani, aynan o‘sha davrda siyosiy masalalar qatorida madaniyat sohasiga ham alohida e’tibor qaratilganini manbalar orqali yaxshi bilamiz. Shohruh (temuriylar avlodi) va Shirvonshohning o‘g‘li Ibrohim I o‘rtasida nafaqat siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabatlar, balki qarindoshlik aloqalari ham o‘rnatilgani, o‘z navbatida xalqlarimiz o‘rtasida yanada ko‘proq muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga turtki bo‘lgani tarix sahifalariga muhrlangan.
Madaniy hamkorlik tarixida xalqlarimizning buyuk farzandlari Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy ijodi va faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Alisher Navoiy buyuk Nizomiyni hamisha o‘zining ustozi deb bilgan va uning “Xamsa” asari Nizomiy ijodidan ruhlanib yaratilgan. U Ozarbayjon farzandining fazilatlarini ulug‘lagan. Ikki xalq farzandlari ikki davrda yashab ijod qilgan bo‘lsada, ularni insonparvarlik va umuminsoniy qadriyatlar, shaxsning komillikka intilishi masalasidagi qadriyatlar birlashtirib turgan. Oradan bir necha asr o‘tib, bugungi kunda ularning qadriyat va ma’naviy olami xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xalqlarimiz fan va ta’lim masalasida hamisha bir-birini to‘ldirishga intilgan. E’tiborimizni fan arboblariga qaratib, Ozarbayjon xalqining Maqsud Shayxzodadek yana bir buyuk farzandining nomini esga olish o‘rinli. Toshkentda yashagan Maqsud Shayxzoda o‘zbek tilini mukammal o‘rgangan va keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. Toshkent pedagogika institutida o‘zbek adabiyoti tarixidan dars bergan. G‘ofur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Usmon Nosir va boshqa adiblar bilan birga ijod qilgan.

U butun umri davomida o‘zbek tili, mehnatkash xalqimizga bo‘lgan muhabbati bilan yashagan, “Jang va qo‘shiq”, “Soz”, “Uchinchi o‘g‘il”, “Oqsoqol” she’riy to‘plamlarini qoldirgan. Shuningdek, Maqsud Shayxzoda o‘zbek dramaturgiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Bu borada uning “Jaloliddin” asari alohida ahamiyatga ega.
Xalqlarimiz tarixida yana bir yorqin sahifa Ozarbayjon Respublikasining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyevning roli va o‘rniga bag‘ishlanadi. Aynan Haydar Aliyevning o‘zbek xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbati va hurmati Sharof Rashidov bilan o‘zaro do‘stona munosabatlari birodarlik rishtalari bilan mustahkamlanib, ularning hamkorlikdagi faoliyati davrida madaniy ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlarda alohida namoyon bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olijanob xalqimizning Ozarbayjon xalqi farzandiga muhabbati va hurmati ramzi sifatida Haydar Aliyev yodgorligi ochilib, uning sharafiga ko‘cha nomi berilishi juda quvonarli.
Bugun mamlakatlarimiz yetakchilari tashabbusi bilan ikki mamlakat shaharlarida turli madaniy tadbirlar, kino uchrashuvlari, turli raqs-vokal festivallari o‘tkazilmoqda. Masalan, 2023 yil 8-11 oktyabr kunlari kino ijodkorlari Bokuda bo‘lib o‘tgan Turk dunyosining III-“Qo‘rqut ota” kinofestivalida ishtirok etdi. Shunda O‘zbekiston filmlari namoyish etildi. 2024 yil 16 martda esa O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida Ozarbayjon davlat akademik musiqa teatrida ilk bor “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli namoyish etildi. Shuningdek, madaniyat arboblarimiz Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan “Xaribulbul” xalqaro folklor festivalida ishtirok etdi. Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabning foydalanishga topshirilgani ham e’tiborga molik. Bu maktab O‘zbekiston tomonidan birodarlik, yakdillik va hurmat ramzi sifatida tuhfa etildi.
Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga ushbu tashrifi xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdu Malik Mirzajonov,
“Diplomat University” “Xalqaro munosabatlar va iqtisodiyot” fakulteti dekani, ekspert
O‘zA