Konstitutsiyaviy islohotlar yoshlar nigohida
Urganch davlat universitetida talaba-yoshlar ishtirokida O'zLiDeP Xorazm viloyati Kengashi tomonidan “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida yangilanayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan “Konstitutsiyaviy islohotlar yoshlar nigohida” deb nomlangan tashviqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O’zLiDeP Xorazm viloyati Kengashi apparati xodimlari, deputatlar hamda professor o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.Ta’kidlandiki, bugun xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilib kelyapti. Bu esa mamlakatda fuqarolik jamiyatini kuchaytirish va so‘z erkinligini ta’minlash chora-tadbirlarining amaliy ifodasidir.

– Konstitutsiyaviy islohotlar jaaryonida eng ko‘p faollikni aynan yoshlar ko‘rsatayotgani quvonarli, – dedi O’zLiDeP Xorazm viloyati Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi mudiri Sevara Ro‘zmetova. – Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qo‘yilmoqda. Bu esa yurtimizda bolalar, o‘smirlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar va imkoniyati cheklangan insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini anglatadi.

Uchrashuvda Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangiliklar to‘g‘risida, shuningdek referendum o‘tkazish tartibi, unda ishtirok etish bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.

–Barcha tengdoshlarim qatori mening ham hayotimda yangilanayotgan Konstitutsiyaning o‘rni katta, – deydi Urganch davlat universiteti talabasi Madina Madrahimova. – Bilim olish, kasb-hunar o‘rganish, ishlash, dam olish va davolanish huquqlariga egaman. Yangi O‘zbekiston farzandi sifatida orzulariga yetishish yo‘lidagi barcha eshiklar men uchun ochiq ekanini bilaman va bundan g‘ururlanaman. Qizg‘in munozalarga boy bo‘lgan uchrashuvda barcha talaba-yoshlar bo‘lajak referendumda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Ahmadjon SHOKIROV,
O‘zA muxbiri