Konstitutsiyaviy islohotlar muhim bosqichda
Joriy yilning 27 iyun kuni Moliya vazirligida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgarishlarning keng muhokamasiga bag‘ishlandi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Sharofiddin Nazarov, Moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgarishlar mazmun-mohiyatiga asosiy urg‘u berdi.
Muhokama chog‘ida Sh.Nazarov Konstitutsiyaga tuzatishlar fuqarolarning iqtisodiy huquqlarini, xususiy mulkchilikni, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilishga qaratilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shuningdek, unda davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit, shart-sharoitlarni ta’minlashi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanayotgani, yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bulishi mumkinligi mustahkamlanayotganligi misollar asosida tahlil etildi. Ahamiyatli jihati, davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillarining ochiqligi, uning ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi nazarda tutilganligidadir.
Aytish joizki, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari hamda qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruriyatini tug‘dirmoqda.

Shundan kelib chiqib, yurtimizda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etayotir.
Bu esa, o‘z navbatida, xalqimiz tomonidan bildirilgan takliflar tahlili mamlakatda amalga oshirilayotgan katta o‘zgarishlarga befarq emasligi hamda fuqarolar islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanib ulgurganligidan dalolatdir.
Nasiba ZIYODULAEVA, O‘zA muxbiri