Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir
Parlament quyi palatasi deputati U.O‘rozboyev O‘zXDP Jizzax viloyati kengashining targ‘ibotchi guruh faollari bilan "Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir" degan tamoyil asosida uyushtirilgan tadbirda ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan deputat U.O‘rozboyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarga bo‘lgan ehtiyoj xalqimizning xohish-istagi, siyosiy irodasi, ezgu maqsadlari ifodasi hamda demokratik islohotlarning mantiqiy davomi o‘laroq vujudga kelganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, bugun yurtimizda kechayotgan islohotlar haqida so‘zlarkan, unda mamlakat aholisining turli qatlamlarining yuqori saviyada ishtirok etayotganiga alohida urg‘u berdi. Konstitutsiyaviy komissiyaga xalqimizdan 60 mingdan ortiq taklif kelib tushgani jamiyatimizda fuqarolik jamiyati, xalqimizda esa davlat taqdiriga daxldorlik hissi shakllanganligidan dalolat berishini aytib o‘tdi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Bosh Qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilayotgani, jumladan, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilayotgani borasida ma’lumot berdi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalarning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishdek ezgu maqsadlarga qaratilayotganini qayd etdi.

Shuningdek, deputat Jizzax shahridagi Olmazor, Oqqo‘rg‘on, Xalqabod mahallalarida fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, Konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini targ‘ib qildi.
M.Komilova, O‘zA