Konstitutsiya targ‘ibotiga bag‘ishlandi
Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni hamda yangi tahrirdagi Bosh qomusimizdan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar dasturining ijrosi borasida atroflicha ma’lumot berildi.

Seminarda asosiy qonunimizda belgilangan konstitutsiyaviy normalarning ijrosini so‘zsiz ta’minlash barcha sohalarda “inson qadri”ning tom ma’noda yuksalishiga, davlat va jamiyat hayotini “inson – jamiyat – davlat” degan tizimga asoslangan holda yangi va zamonaviy tarzda boshqarish imkonini berishi alohida ta’kidlandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ijrosini to‘liq ta’minlash barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi bo‘lib, shu maqsadda belgilangan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmati hamda sud-huquq tizimi xodimlarining yangi konstitutsiyaviy talablarga rioya etish borasidagi bilim va malakasini oshirish uchun uch bosqichli dastur ishlab chiqildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – boshqaruvda konstitutsiyaviy normalarning ijrosini to‘liq ta’minlash, ularni davlat xizmatchisining har kunlik faoliyatiga tatbiq etish, pirovardida “inson qadri” tamoyili asosida xalqqa xizmat ko‘rsatishning sifat darajasini oshirishga erishishdan iborat.

Seminar dasturiga muvofiq davlat xizmatchilariga 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish yo‘li orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz ijrosini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan vazirlik va idoralarda amalga oshirilayotgan birinchi navbatdagi ustuvor vazifalar, Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari hamda jamiyat va shaxs masalalari davlat hokimiyatining tashkil etilishi hamda saylov tizimidagi fundamental vazifalar to‘g‘risidagi muhim yo‘nalishdagi ma’ruza va taqdimotlar amalga oshirildi.
– Dasturning birinchi bosqichida – Yangi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatini barcha bo‘g‘indagi davlat fuqarolik xizmatchilari va sud-huquq tizimi xodimlariga tushuntirish yuzasidan alohida grafik asosida joriy yil iyul-dekabr oylari davomida o‘quv-seminarlari o‘tkazib borilmoqda. Yakuniga yetgan birinchi bosqichdagi o‘quv-seminarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha 36 nafar tajribali huquqshunos (siyosatshunos)dan iborat ekspertlar guruhi shakllantirilgan. Jizzaxda viloyat, shahar va tumanlaridan jami 1 ming 143 nafar davlat xizmatchilari ushbu o‘quv-seminarlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti Ekologiya huquqi kafedrasi professori Olim Narzullayev. – O‘quv-seminarning ikkinchi va uchinchi bosqichlarida – Adliya vazirligi “kurslar.huquqiyportal.uz” platfor¬masida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” nomli onlayn o‘quv-kursi joriy etilsa, uchinchi bosqichida – davlat fuqarolik xizmatchilari va sud-huquq tizimi xodimlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish kurslarida Yangi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘yicha o‘quvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ushbu o‘quv-seminarlarda barcha bo‘g‘inlarda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilarni qamrab olish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlarini hamda jamoatchilik vakillarini ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
– Jizzax shahrida yakunlangan ushbu o‘quv-seminar davomida ishtirokchilar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning ijrosini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan, Bosh qomusimizning asosiy prinsiplari, inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari, burchlari hamda jamiyat va shaxs masalalari, shuningdek, amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida Toshkent davlat yuridik universiteti Ekologiya huquqi kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda Jizzax viloyati adliya boshqarmasi maslahatchilarining ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tingladilar, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali rahbari Erkin Xolbo‘tayev. – Barcha bo‘g‘indagi davlat xizmatchilari uchun tashkil etilayotgan xuddi shunday o‘quv seminarlari joriy yilning 27 sentyabriga qadar belgilangan jadval asosida viloyatimizning barcha tumanlarida o‘tkaziladi.
Tadbir davomida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldi. Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev ishtirok etdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA