Nukus shahrida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 9 aprel – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, vazirlik, idora va korxonalar, o‘quv yurtlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali bayram tadbiri O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari ijrosi bilan boshlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev yig‘ilganlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiya ko‘p millatli xalqning hamjihatligi va do‘stligini mustahkamlovchi, ularni ulug‘ bunyodkorlik ishlariga boshlovchi asosiy hujjatdir. Qolaversa, iqtisodiyotning yildan-yilga mustahkamlanib, aholining ijtimoiy turmush sharoiti yaxshilanib borayotgani Konstitutsiyaga asos qilib olingan, chuqur va puxta o‘ylangan ezgu maqsadlar samarasidir.
[gallery-22731]
Prezidentimiz tomonidan joriy yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani Orolbo‘yi mintaqasi uchun ham juda muhimdir.
Yaqinda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda Prezidentimiz keng jamoatchilik e’tiborini yana bir bor Orol fojiasiga qaratgani va qator tashabbuslarni ilgari surgani, shuningdek, Nukus shahrida o‘tkazilgan birinchi xalqaro “Orol madaniyat sammiti”da Orol dengizining ekologik muammosi bo‘yicha xalqimizning taqdiri va mamlakatimizning kelajagi bilan bog‘liq o‘ta muhim vazifalar belgilab olingani yurtimiz hayotidagi tarixiy voqealar qatoriga kirishini ta’kidlash lozim.
Prezidentimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda qator xalqaro tadbirlar o‘tkazilayotgani xalqimizning boy madaniyatini, turizm salohiyatini jahon hamjamiyatiga tanitishda, xorijiy investorlarni mintaqamizga jalb etib, ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishda muhim bo‘lgan ko‘plab zavod va korxonalarni ishga tushirishda, mahsulotlarni chet ellarga eksport qilishda va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim o‘rin egallamoqda.
So‘nggi yillarda qabul qilinayotgan tarixiy farmon va qarorlarga muvofiq Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va xalqimizning farovon turmushini ta’minlash bo‘yicha ilgari bo‘lmagan ko‘plab yangi imkoniyatlarning yaratilayotgani, Loyihalarni amalga oshirish markazi, Tashqi grantlar bilan ishlash bo‘limi va Tadbirkorlikka ko‘maklashish direksiyasining ochilgani, shuningdek, sanoatni rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha imtiyozli kreditlarni ajratish nazarda tutilgani, qolaversa, 2026 yilning yakuniga qadar uzunligi 196 kilometrlik “Miskin – Nukus” temir yo‘lini to‘liq elektrlashtirish yo‘nalishidagi ishlarning boshlangani, Nukus shahrida qiymati 78 million dollarlik “Zamonaviy mehmonxona va Kongress-xoll kompleksini qurish” loyihasi amalga oshirilayotgani xalqimizni ulug‘ bunyodkorlik ishlariga ruhlantirmoqda.
Bundan tashqari, joriy yil yakuniga qadar shahar va tumanlarimizda davlat dasturlari doirasida jami 436 ta ob’ektda qariyb 1 trillion 500 milliard so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Jumladan, 96 ta og‘ir mahalladagi tomorqalar oqar suv bilan ta’minlanadi. Ichki yo‘llar va elektr ta’minoti tarmoqlarida 319,4 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida 11 trillion so‘mlik 464 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, ular bo‘yicha 447 million dollarga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi.
Tantanali yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudoybergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov ishtirok etdi.
Tadbir san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan yanada fayzli bo‘ldi.
O‘zA