Konstitutsiya – inson huquqlari kafolati
Mustaqilligimizning ilk yillaridayoq mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash asosiy vazifalardan biri qilib belgilandi.
Inson huquqlarini ta’minlash borasidagi ilk islohotlar 1992 yil 8 dekabr kuni umumxalq referendumi natijasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topdi. Bir so‘z bilan aytganda Konstitutsiya jamiyatda inson huquqlarini ta’minlash borasida tamal toshini qo‘ydi. Konstitutsiyaning muqaddimasida O‘zbekiston xalqi inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatini anglagan holda, fuqarolar tinchligi va fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida mazkur Konstitutsiyani qabul qilgani qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasida “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir” deb ko‘rsatilgan bo‘lib, birgina shu modda bilan inson hayotiga va uning yashash huquqiga qilinadigan har qanday tajovuz jinoyat deb topilishi va jazoga sazovorligi kafolatlanadi. Shu bilan bir qatorda Konstitutsiyada jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha aybdor hisoblanmasligi ham qayd etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining X-bobida inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari belgilangan bo‘lib, 43-moddada davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlashi belgilab qo‘yilgan
Ushbu konstitutsion normalarga og‘ishmay amal qilish davlat va uning organlari uchun majburiy hisoblanadi. Bu borada xalqaro huquq qoidalari ustunligi tan olingan holda, milliy qadriyatlardan kelib chiqib, bir qator qonunlar qabul qilinmoqda va bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda. Inson huquqlarini ta’minlash borasida Konstitutsiya sud hokimiyatiga qator majburiyatlar yuklaydi. Xususan, Konstitutsiyaning 44-moddasida har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
F.Qambarova,
Qashqadaryo viloyat sudining
jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi