Konstitutsiya – ijtimoiy taraqqiyot kafolati
Ma’lumki, Konstitutsiya barcha jamiyatlarda oliy huquqiy maqomga ega bo‘lgan hujjat sifatida e’tirof etib kelinadi.
Bu bejiz emas, albatta. Chunki konstitutsiya davlat siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotining asoslarini belgilab beradi, fuqarolarning erkinliklari va haq-huquqlarini ifodalaydi. Shu boisdan barcha mamlakatlarda ushbu hujjatning qabul qilinishiga, unda aks ettirilgan norma va qoidalarning ro‘yobga chiqarilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekistonda ham mamlakat Konstitutsiyasi fuqarolar tomonidan inson erkinliklari va haq-huquqlarini ta’minlaydigan, jamiyat va davlat taraqqiyoti uchun poydevor yaratadigan, jamiyat a’zolarining munosib turmushini qaror toptirishga xizmat qiladigan muhim huquqiy hujjat sifatida qadrlanadi.
Masalaning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, har qanday jamiyatda Konstitutsiya ijtimoiy taraqqiyot sur’atlariga ta’sir ko‘rsatadigan muhim manba, taraqqiyot mo‘ljallarini belgilash imkonini beradigan mayoq vazifasini ham o‘tamog‘i darkor. Buning uchun esa mazkur huquqiy hujjat jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy-madaniy jarayonlardan bir qadam oldinda bo‘lmog‘i, jamiyat a’zolarini ortidan ergashtirmog‘i lozim. Jamiyat ehtiyoj va manfaatlari, ijtimoiy taraqqiyot shiddatli sur’atlaridan ortda qolayotgan Konstitutsiya rivojlanish omiliga emas, turg‘unlik manbaiga aylanadi.
Shu sababdan ushbu haqiqatni chuqur his etgan mamlakat Prezidenti asosiy hujjatga muayyan o‘zgartirishlar kiritish tashabbusini ilgari surdi. “Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topayotgan, adolatli va xalqparvar davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalarni amalga oshirish uchun, deb ta’kidlaydi u, – avvalo, yangi Konstitutsiyaviy makon hamda yanada mustahkam qonunchilik bazasi kerak bo‘lishini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Shu ma’noda, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylanmoqda”.
Davlat rahbari ilgari surayotgan tashabbuslar mohiyatini jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy jarayonlar kontekstida tahlil qilsak, ularning naqadar jiddiy ahamiyatga molikligiga amin bo‘lamiz. Masalan, mamlakatimizda uzoq yillar davomida birinchi navbatda davlat oldida turgan vazifa va muammolarni hal qilish, ijtimoiy jarayonlarga davlat manfaatlari nuqtai nazaridan yondashish, shundan so‘nggina jamiyat va inson turmushi bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratish amaliyoti hukm surdi. Shu sababdan amal qilib kelayotgan barcha huquqiy hujjatlarda davlat manfaatlari ustuvorligi ko‘zga tashlanadi. Keyingi yillarda esa “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili islohotlarning bosh qoidasiga aylantirildi. Kelajakda ushbu tamoyil asosida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar tendensiyaviy tus olishi uchun eng avvalo “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini konstitutsion norma sifatida mustahkamlamoq darkor.
bugungi kunda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning bosh mezoni sifatida inson manfaatlari e’tirof etilmoqda. Davlat organlari amalga oshirayotgan barcha sa’y-harakatlar inson manfaatlarini qondirish, uning turmushi farovonligini oshirishga qaratilmoqda. Kishilarning kundalik tashvishlariga quloq tutish, ularning muammolarini hal qilishga alohida e’tibor berish odatiy voqelikka aylanmoqda. Ushbu jarayonlarning davomiyligi va uzviyligini ta’minlash uchun esa mamlakatda inson manfaatlari ustuvorligining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash zarur. Chunki busiz O‘zbekistonda xalqparvar davlat barpo etib bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaning shaxsiy huquqlarga bag‘ishlangan 24-42-moddalarini barcha ijtimoiy jarayonlar markazida inson manfaatlari turishi kerakligini belgilovchi modda bilan to‘ldirish zaruriyati paydo bo‘lmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlashga doir tashabbus ham bag‘oyat ahamiyatli. Ma’lumki, mustaqillikdan keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarning asosiy tamoyillaridan biri “Davlat – bosh islohotchi” tamoyili bo‘ldi. Bunday yondashuv islohotlarning dastlabki bosqichida muayyan samara berdi, albatta. Biroq keyingi bosqichlarda u fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini cheklab qo‘ydi. Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari maqomi va funksiyalarining aniq belgilanmagani (Asosiy qonunimizning 56-moddasida qaysi uyushmalar jamoat birlashmasi sifatida tan olinishi ko‘rsatilgan, xolos) vaziyatni o‘zgartirishga imkon qoldirmadi. Natijada bu institutlar o‘z tashabbuslari bilan jamiyat hayotida ishtirok etmay qo‘ydi, ularning ijtimoiy faolligi susaydi. Binobarin, ularning ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini faollashtirish uchun eng avvalo “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini joriy etish, Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari maqomini aniq belgilab qo‘yish taqozo etilmoqda.
Keyingi yillarda jahonda oila institutini zaiflashtiruvchi, milliy qadriyatlarning ijtimoiy pozitsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, millatlararo totuvlikni yemiruvchi omillar ko‘paymoqda. Bu holat mamlakatimizda oila institutini salbiy omillardan himoya qilishga, milliy qadriyatlarni e’zozlashga, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ijtimoiy mexanizmlarni Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yish masalasiga dolzarb tus bermoqda. Shu munosabat bilan amaldagi Konstitutsiyaning oilani jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tirof etuvchi 63-66-moddalarini yanada takomillashtirishni, milliy qadriyatlar mavqeini himoya qiluvchi ijtimoiy mexanizmlar bilan bog‘liq yangi modda kiritishni, barcha fuqarolarning millatidan qat’i nazar qonun oldida tengligini ma’lum qiluvchi 18-moddani millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan norma bilan to‘ldirishni ijtimoiy voqelikning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Davlat rahbari farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotganini bot-bot takrorlaydi. Darhaqiqat, bugungi ёшлар jamiyat iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatuvchi, ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etuvchi, jamiyatdagi turmush tarzini belgilovchi, jamiyatning ma’naviy xavfsizligini ta’minlovchi qudratli kuchdir. Binobarin, ularning huquq va manfaatlari naqadar to‘la ta’minlansa, ijtimoiy taraqqiyot sur’atlari ham shu qadar baland bo‘ladi. Biroq, tan olish zarurki, amaldagi Konstitutsiyada yoshlarning huquq va burchlari tizimli ravishda belgilab berilmagan. Yangi tahrirda ushbu bo‘shliqning to‘ldirilishi yigit va qizlarning ijtimoiy jarayonlarda ishtirokini nihoyatda faollashtirgan bo‘lardi.
bugungi kunda Yangi O‘zbekiston strategiyasi doirasida mamlakatda ijtimoiy davlat barpo etish vazifasi kun tartibiga qo‘yilmoqda. Chunki jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan davlatni shakllantirmasdan turib, ijtimoiy adolat norma va tamoyillari ustuvorligini ta’minlab bo‘lmaydi. Mazkur zaruriyat Konstitutsiyada “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida mustahkamlashni taqozo etmoqda. Ayni paytda masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ijtimoiy davlat barpo etish maqsadining qo‘yilishi bolalar, nogironlar, keksalar huquqlari muhofazasi bilan bog‘liq konstitutsion normalarni ishlab chiqishni ham talab qiladi. Chunki ijtimoiy davlat barcha aholi qatlamlarining, ayniqsa alohida e’tiborga muhtoj toifalarning huquq va manfaatlarini ta’minlovchi davlat shaklidir. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaning 9-bobini tegishli moddalar bilan to‘ldirish zaruriyati ham yuzaga kelmoqda.
Prezidentimiz yana bir masalaga e’tiborni qaratadi. XXI asrda ekologik muammolar umumbashariy tus oldi va mamlakat xavfsizligiga bevosita tahdid soladigan omilga aylandi. Holbuki, ekologik muammolarga e’tiborsizlik mamlakat iqtisodiy salohiyatining zaiflashishiga, ko‘zlangan siyosiy maqsadlarga erishish imkoniyatlarining kamayishiga, kishilar turmush darajasining yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Amaldagi Konstitutsiyaning 55-moddasida yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekanligi, ulardan oqilona foydalanish zarurligi, ular davlat muhofazasida ekanligi ta’kidlangan. Bugun ushbu moddani O‘zbekistonning ekologik globallashuv sharoitidagi ekologik siyosati maqsad-muddaolarini, jamiyat a’zolarining ekologik mas’uliyatini ifodalovchi qoidalar bilan takomillashtirish zaruriyati paydo bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda Uchinchi Renessans asoslarining barpo etilayotgani ham Asosiy qonun miqyosida mustahkamlanishi lozim bo‘lgan normalarga ehtiyojni shakllantirmoqda. Xususan, bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalari Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi sifatida e’tirof etilmoqda. Amaldagi Konstitutsiyada esa bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalari bilan bog‘liq normalar o‘z ifodasini topmagan. Bu holat Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni huquqiy asossiz qoldiradi. Aynan shuning uchun Konstitutsiyaning yangi tahririni tayyorlayotganda mazkur masalalarga ham diqqatni qaratish kerak bo‘ladi.
Mamlakat Prezidenti tashabbuslari, keng jamoatchilik takliflari asosida Konstitutsiyaning takomillashtirilishi uni tom ma’noda taraqqiyot manbai va mayog‘iga aylantirishi shubhasiz. Shuning bilan bir qatorda, quyidagi takliflarga ham diqqatni jamlash kerak, deb hisoblaymiz:
Birinchidan, Конститuциянинг yangi tahririda jamiyatning ijtimoiy sohasi sub’ektlari, shaxslararo munosabatlar bilan bog‘liq normalarni kuchaytirish zarur. Xususan, ta’lim va tibbiyot muassasalari, fuqarolarning ijtimoiy ta’minoti bilan mashg‘ul tashkilotlar, sport va madaniyat maskanlari, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, kishilarni oziq-ovqat mahsulotlari, transport va aloqa xizmatlari bilan ta’minlovchi muassasalar faoliyatining asosini tashkil qiluvchi konstitutsion normalar belgilanishi lozim.
Ikkinchidan, Konstitutsiyaning yangi tahririga jamiyat ma’naviy hayoti, xususan ma’naviy ishlab chiqarish jarayoni, milliy g‘oya va mafkura bilan bog‘liq konstitutsion normalarni kiritish kerak. Shuningdek, ijtimoiy-ma’naviy muhit asoslari, milliy madaniyat va ma’naviy qadriyatlarni asrash mexanizmlari e’tirof etilmog‘i darkor.
Uchinchidan, Konstitutsiyaning yangi tahririda “mamlakat xavfsizligi” tushunchasini bir qadar kengroq talqin qilish maqsadga muvofiq. Jumladan, shaxs xavfsizligi, jamiyat xavfsizligi, davlat xavfsizligi asoslari alohida-alohida ifodalanishi maqsadga muvofiq. Bunday yondashuv globallashuv sharoitida mamlakat xavfsizligini ta’minlashdek strategik masalani tizimli ravishda talqin qilish imkonini beradi.
Ta’kidlamoq darkorki, mamlakat Asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritish jarayonining boshlanayotgani jamiyat a’zolari oldida muayyan vazifalarni qo‘ymoqda. bugungi kunda barchamizdan mazkur jarayonlarda faol ishtirok etish, asosiy hujjatga kiritiladigan o‘zgartishlar yuzasidan o‘z fikrini bildirishni fuqarolik mas’uliyati sifatida qabul qilish talab etilmoqda. Biz barcha vatandoshlarimizni ushbu muhim ijtimoiy jarayonda astoydil qatnashib, o‘z fuqarolik burchini mufassal ado etishga chaqirib qolamiz.
Dilmurod Nabiyev,
Qarshi davlat universiteti rektori, professor,
O‘zA