Kommunal soha: aholi muammolari hal etilmoqda
Toshkent viloyati Nurafshon shahrida «Aholi murojaatlari bilan ishlash, muammolarini o‘rganish va hal etish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni yanada kuchaytirish» mavzusidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Barhayot Meliyevning sohada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axboroti tinglandi.
Qayd etilganidek, hozir tuman-shaharlardagi ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash va betalofat o‘tkazish, binolarning tashqi ko‘rinishini yaxshilash bo‘yicha jami 214,3 milliard so‘m mablag‘lar ajratilgan. Buning natijasida 794 ta ko‘p qavatli uy-joy ta’mirlanib, o‘tgan yilga nisbatan 500 taga yoki 3,3 barobarga ortiqroq ta’mirlash ishlari bajarilgan. Uylar oralig‘iga respublika byudjetining 1,6 milliard so‘m mablag‘lari hisobiga 32 ta zamonaviy bolalar maydonchasi qurilgan.

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida jami 222 milliard so‘mlik 1 ming 118 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortilgan bo‘lib, bu orqali bajarilgan ish hajmlari o‘tgan yilga nisbatan 20 barobar ko‘pdir. Yil yakunigacha yana 130 milliard so‘m evaziga joylarda 300 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilishi rejalashtirilgan. Amalga oshirilgan ishlar tufayli 46 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 222 ming nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanishiga erishilgan.
Kuz-qish mavsumida aholiga sifatli issiqlik energiyasi yetkazib berish maqsadida 9 oyda 75,2 kilometr isitish tizimlari yangisiga almashtirish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Yil yakuniga qadar yana 172,2 milliard so‘m mablag‘lar hisobiga 43 kilometr issiqlik tarmoqlari tortiladi.
Tadbirda viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, «Toshkent hududiy elektr tarmoqlari», «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari, «Hududgaz Toshkent» GTF, «Toshkent suv ta’minoti» MCHJ va boshqa tarmoq tashkilotlari mutaxassislarining ko‘p kvartirali uylar, ijtimoiy soha ob’ektlarida issiqlik, ichimlik suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar xususida ma’lumot berdi.
Xususan, shu yilning 9 oyida 91,5 milliard so‘m mablag‘lar hisobiga 953 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari tortilib, rekonstruksiya va modernizatsiya qilingan. Yil yakuniga qadar yana 26,7 milliard so‘m mablag‘lar hisobiga 278 kilometr tarmoqlarda shu kabi sa’y-harakatlar qilinadi.

Shuningdek, yil boshidan buyon 220 dona transformator punktlari o‘rnatilgan. 723 ming 437 nafar iste’molchi xonadoniga zamonaviy elektr hisoblagichlar (ASKUE) o‘rnatildi.
Ta’kidlanganidek, aholining turmush tarzini yengillashtirish, tabiiy gaz ta’minoti bilan ta’minlash ishlari borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan 9 oy davomida 19,6 milliard so‘m mablag‘lar hisobiga 42 kilometr uzunlikda gaz quvurlari tortilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 45 ming nafar aholi, 15 dan ortiq sanoat korxonalari tabiiy gaz bilan ta’minlangan bo‘lsa, 53 ming nafar aholining tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishilgan. Ayni paytda reja bo‘yicha iste’molchiga zamonaviy gaz hisoblagichlardan 447 ming 132 tasi o‘rnatilib, mazkur ishlar hali davom etmoqda.
Viloyatning olis va chekka hududlarida yashovchi aholining turmush sharoitini yaxshilash, tabiiy gaz ta’minoti yetib bormagan hududlarga suyultirilgan gaz, ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish ishlari ham amalga oshirildi. Bu yilgi kuz-qish mavsumida 3,9 ming tonna suyultirilgan gaz hamda 72 ming tonna ko‘mir yoqilg‘i energiya mahsulotini yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Yil boshidan hozirgacha 5 ming 637 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan bo‘lib, shundan, 2021-2022 yil kuz-qish mavsumi davomida 452 tonna yetkazib berildi. Shuningdek, ijtimoiy soha ob’ektlariga 12 ming tonna va aholi xonadonlariga 28 ming tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan Chirchiq, Nurafshon, Yangiyo‘l, Olmaliq shaharlari, Bo‘ka, Zangiota, Piskent kabi tumanlardagi mavjud muammolar, amalga oshirilayotgan ishlar haqida berilgan savollarga atroflicha javob berildi.
A.Musayev, O‘zA