Kogeneratsiyaning “bir manba — ikki manfaat” tamoyili xonadonlar uchun issiqlik va yorug‘likni kafolatlaydi
Mustaqillikning 35 yilligi
Qahraton qish kunlarida xonadonda issiqlikning o‘chishi yoki elektr manbaining muntazam uzilishi aholi uchun qanchalik og‘ir sinov ekanini yaxshi bilamiz. O‘shanday paytlar chorasiz qolganlar uyni isitish uchun turli qo‘lbola vositalardan foydalanishga majbur bo‘ldi.
Aholining elektrdan pala-partish foydalanishi tarmoqlarga haddan tashqari yuklama beradi. Shuningdek, bu odamlar sog‘lig‘i va hayoti uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Eskirgan qozonxonalarda bo‘lsa gaz faqat suv isitish uchun yoqiladi. Oqibatda behisob issiqlik shunchaki havoga sovuriladi.
Keyingi yillarda bu kabi tizimli muammolarga innovatsion yechimlar topilmoqda. Eskirgan yondashuvlardan voz kechilib, “bir o‘q bilan ikki quyonni urish” tamoyilida ishlaydigan kogeneratsiya texnologiyasi mamlakat energetika va kommunal tizimi uchun keng tatbiq etila boshlandi.

Bu texnologiya aslida qanday ishlaydi? Oddiy tilda aytganda, kogeneratsiya bitta yoqilg‘i manbaidan, ya’ni tabiiy gazdan bir vaqtning o‘zida ham elektr, ham issiqlik energiyasi ishlab chiqarish tizimi deganidir. Odatdagi qozonxonada gaz yoqilganda hosil bo‘lgan issiqlikning katta qismi mo‘ri orqali atmosferaga chiqib ketadi. Kogeneratsiya qurilmasida esa gaz-porshenli dvigatel avval elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Undan ajralib chiqqan yuqori haroratli issiqlik esa behuda sovurilmay, suvni isitishga va xonadonlarga uzatishga yo‘naltiriladi.
Natijada yoqilg‘idan foydalanish samaradorligi keskin ortib, foydali ish koeffitsiyenti 80–90 foizdan oshishiga erishiladi. Dunyo tajribasida bu tizim shahar infratuzilmasining asosiy ustuni hisoblanadi. Chunki u resurslarni tejash barobarida karbonat angidrid va boshqa zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishini keskin kamaytiradi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu texnologiyani keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Sohadagi ma’nan va jismonan eskirgan infratuzilma, ayniqsa o‘tgan qish mavsumlaridagi anomal sovuqda kuzatilgan uzilishlar tizimni tubdan modernizatsiya qilishni kechiktirib bo‘lmas vazifaga aylantirdi.

Bu boradagi dastlabki salmoqli qadamlardan biri Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Oqtepa va Bog‘zor mahallalarida tashlandi. Mazkur hududda Turkiyaning yetakchi kompaniyasi bilan hamkorlikda Germaniyaning gaz-porshenli hamda maxsus qozonlari o‘rnatildi. Natijada soatiga 4,6 MVt elektr va 29 Gkal issiqlik ishlab chiqaruvchi zamonaviy majmua barpo etildi. Shuningdek, 13 ming metrlik issiqlik tarmoqlari izolyatsiyalangan quvurlarga almashtirilib, har bir binoda havo haroratiga qarab issiqlikni avtomatik sozlovchi maxsus datchikli punktlar o‘rnatildi. Natijada yiliga 5,3 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinib, atrof-muhitga chiqadigan zararli moddalar 67 foizga kamaydi, oqova suv tashlanmalari esa umuman to‘xtatildi.
Sergeli tumanining O‘zgarish mahallasida barpo etilgan 5,8 million dollarlik kogeneratsiya markazi ham bu boradagi muhim amaliy ishlardan bo‘ldi. Germaniyaning yuqori aniqlikdagi qurilmalari bilan jihozlangan bu markaz yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr va 80 ming gigakaloriya issiqlik yetkazib berib, tuman markaziy elektr tarmog‘idagi yuklamani 3 foizga kamaytirdi.
Eng yirik miqyosdagi loyihalardan biri esa Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida amalga oshirildi. Xitoy va Buyuk Britaniyaning eng nufuzli kompaniyalari hamkorligida 65 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya evaziga quvvati 100 MVt bo‘lgan gigant kogeneratsiya stansiyasi ishga tushirildi. 70 ta gaz-porshen uskunasi o‘rnatilgan ushbu inshoot yiliga 876 million kilovatt-soat elektr va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarib, 1 ming 846 ta ob’ekt hamda 292 ming xonadonni barqaror energiya bilan ta’minlamoqda. Loyiha yiliga 35 million kub metr gazni tejash bilan birga, issiqlik ishlab chiqarish xarajatlarini 40–45 foizga arzonlashtirdi.
Poytaxtda o‘z isbotini topgan bu samarali tajriba endi mamlakatimiz hududlari bo‘ylab keng quloch yozmoqda.

Masalan, Nukus shahrini olaylik. Bu yerdagi markaziy qozonxona deyarli yarim asr muqaddam qurilgan bo‘lib, katta miqdorda gaz va elektr resurslarini sarflar, evaziga juda kam issiqlik berardi. Endi esa bu eski tizim o‘rnini tubdan yangicha yondashuv egallamoqda.
– Xabaringiz bor, Prezidentimiz yaqinda Nukus shahridagi qozonxonani kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishgan edi, – deydi «Issiqlik ta’minoti» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev. – Loyihaning birinchi bosqichida 20 million dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb etilib, mutlaqo zamonaviy majmua barpo etilmoqda. Bu shunchaki eski qozonni yangisiga almashtirish emas. Bu butun infratuzilmaning yangilanishini anglatadi. Ya’ni 28 kilometrlik yangi, izolyatsiyalangan quvurlar yotqizilib, yuzlab zamonaviy issiqlik punktlari o‘rnatiladi. Dastlabki bosqichda Nukusdagi 23 mingga yaqin aholi yashaydigan xonadonlar hamda 40 ta maktab, bog‘cha va shifoxona qahraton sovuqda ham kafolatlangan issiqlik va elektr energiyasiga ega bo‘ladi. Eng muhimi, ushbu oqilona yechim tizimning samaradorligini 91 foizgacha ko‘tarib, yiliga 12 million kub metrdan ortiq tabiiy gazni tejab qoladi.
E’tiborlisi, Nukusdagi ushbu muvaffaqiyatli tajriba asosida keyinchalik Buxoro, Samarqand, Urganch va Zarafshon kabi shaharlarda ham shunday zamonaviy markazlar barpo etiladi. Hatto u yerda nafaqat qishda issiqlik va elektr, balki yozning chillasida xonadonlarga sovuq havo uzatuvchi «trigeneratsiya» texnologiyasi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Aniq misollar ushbu texnologik burilish har tomonlama manfaatli ekanini ko‘rsatmoqda. Aholi uchun bu qahraton qishda xonadonlardagi mo‘’tadil harorat, issiq suv va chiroqning o‘chmasligi degani. Davlat uchun esa milliardlab kub metr tabiiy gazni tejash, kommunal tizim xarajatlarini va atrof-muhitga chiqadigan zaharli gazlarni keskin qisqartirish imkoniyatidir.
Mustaqillik bergan erkinlik, iqtisodiy kuch-qudrat va xorijiy hamkorlar ishonchi tufayli bugun O‘zbekiston o‘z aholisi uchun xavfsiz va barqaror energetika tizimini barpo etmoqda. Har bir mahallada, har bir xonadonda issiqlik va yorug‘likning muntazam bo‘lishi yurtimizda inson qadri qay darajada amalda ulug‘lanayotganining yorqin namunasidir.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri