Ko‘chmas mulkka taqiq: Asossiz bo‘lsa, uni bekor qilish yo‘llari
Qonunchilikdagi har bir norma inson hayoti, huquqi va manfaatlari bilan chambarchas bog‘liq. Ammo kundalik hayotda turli huquqiy savollar, tushunmovchiliklar va yechimini kutayotgan muammolarga duch kelamiz.
Ko‘chmas mulkka qo‘yilgan taqiq fuqaroning o‘z uyi, yeri yoki boshqa mulkini sotishi, hadya qilishi yoxud unga nisbatan ayrim huquqiy harakatlarni amalga oshirishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ba’zan esa mulkdor taqiq nima sababdan qo‘yilgani va uni bekor qilish uchun qayerga murojaat qilish kerakligini bilmaydi.
Xo‘sh, fuqaro o‘z mulkiga qo‘yilgan taqiqni asossiz deb hisoblasa, qanday yo‘l tutishi lozim?
Davlat kadastrlari palatasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunning 56-moddasiga muvofiq, ko‘chmas mulkka taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilish haqidagi hujjat ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga kelib tushgan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Bu yerda muhim jihat shundaki, taqiqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va uni qo‘yishga asos bo‘lgan qarorning qonuniyligini baholash — turli vakolatlarga ega jarayonlar.
Agar fuqaro o‘z ko‘chmas mulkiga qo‘yilgan taqiqni asossiz deb hisoblasa, u qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Fuqaro avvalo, taqiq qaysi organning qarori asosida qo‘yilganini aniqlashi muhim. Agar u tergov doirasida qabul qilingan qaror bilan bog‘liq bo‘lsa, e’tiroz tegishli vakolatli organga bildirilishi lozim. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli moddalariga muvofiq, tergovchining protsessual harakatlari yoki qarorlari ustidan qonunchilikka ko‘ra shikoyat beriladi. Mavjud qonunchilikka asosan sudga ham murojaat qilish mumkin. Shu sababli, avvalo, taqiq qaysi organning qarori asosida qo‘yilganini aniqlash lozim. Agar u tergov doirasida qabul qilingan qaror bilan bog‘liq bo‘lsa, e’tiroz tegishli vakolatli organga bildirilishi kerak.
Taqiqni bekor qilish uchun uni qo‘ygan vakolatli mansabdor shaxsning yoki sudning tegishli qarori talab etiladi. Mazkur qaror ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga kelib tushgach, Kadastr agentligi taqiqni bekor qilishni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi. Demak, Kadastr agentligi tergov organlari yoki sudning vakolatlarini amalga oshirmaydi. U qonuniy asosda kelib tushgan hujjatlarni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vazifasini bajaradi.
Xulosa qilib aytganda, ko‘chmas mulkka qo‘yilgan taqiqdan norozi bo‘lgan fuqaro, eng avvalo, uning huquqiy asosini aniqlashi va tegishli vakolatli organga murojaat qilishi kerak. Taqiqni bekor qilish masalasi vakolatli organ yoki sudning tegishli qarori asosida hal etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA