Ko‘chat va ziroatlardan inson rizq oladi
Surxondaryoda turizm va sport fidoyilari tarixiy yodgorliklar atrofida yashil maydonlar barpo etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Surxondaryo vohasida ko‘chat ekib, tevarak-atrofni ko‘kalamzorlashtirish uyushqoqlik bilan olib borilayotir. Yo‘l bo‘ylari, mahallalar, korxona, tashkilot va muassasalar atrofiga manzarali-mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha viloyatda qariyb 900 ming tup turli ko‘chat o‘tqazildi.
Viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi xodimlari ham vohadagi arxeologik yodgorliklar, tarixiy obidalar yo‘llari va atrofini ko‘kalamzorlashtirishga bel bog‘lab, “dolzarb 40 kunlik” doirasida ezgu niyatlar bilan ko‘chat ekishni boshladi. Ular dastlab Termiz tumanidagi milodiy 1-3 asrlarga oid Fayoztepa vixara tipidagi buddaviylik monastir-ibodatxonasi va Qoratepa budda g‘or ibodatxonalar majmuasiga olib boruvchi yo‘l bo‘yiga archa, mojavelnik singari nina bargli daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishdi.

– Fayoztepa va Qoratepa arxeologik yodgorliklari keyingi yillarda dunyo ahlida katta qiziqish o‘yg‘otmoqda,– deydi viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zebuniso Alimardonova.
– Bu obidalardan ko‘plab budda haykallari, Kushon podsholigi davriga oid sopol idishlar, kosa va ko‘zachalar, mis chaqalar, ohaktoshdan ishlangan me’moriy bezaklar, plitalar, sopol chiroqdonlar topilgan. Bunday noyob moddiy ¬ ma’naviy va badiiy artefaktlar Termiz, Baqtriya va Markaziy Osiyoda buddaviylik tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib, umumjahon budda madaniyatiga qo‘shilgan ulkan hissa xisoblanadi. Joriy yilda mazkur arxeologik yodgorliklarga olib boruvchi yo‘llarni tekislab, zamonaviy infratuzilma yaratishga kirishildi.
Qoratepaga olib boruvchi bir kilometrdan ziyodroq yo‘l tekislanib, asfalt yotqizishga tayyorlandi. Bu yerga tungi chiroqlar ham o‘rnatilib, sayyohlarning kelib-ketishi uchun barcha sharoit yaratiladi. Jamoamiz bilan yo‘l bo‘yiga yuz tupga yaqin ko‘chat qadadik. Bu yerning yashillikka burkanib turishi hududning musaffoligini ta’minlab, obidani ko‘rish uchun kelayotgan mahalliy va xorijlik sayyohlarga o‘zgacha kayfiyat ulashadi.
“Dolzarb 40 kunlik” doirasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishga viloyatga xizmat safari bilan kelgan Turizm va sport vazirligi ziyorat turizmi departamenti rahbari Jahongir Saidov, bosh mutaxassis Begzod Muradullayevlar ham o‘z hissasini qo‘shdi. Viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi, Boysun tumani turizm va sport bo‘limi xodimlari bilan Omonxona qishlog‘idagi Kamari Aziz, Hazrati Sulton Balogardon, Shirinobod mahallasidagi Bibishirin ona ziyoratgohlari atrofini ko‘kalamzorlashtirishda faol ishtirok etdi.

– Viloyatda 561 madaniy meros obekti davlat ruyxatiga olingan,–deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev.¬– Ularning 444 tasi arxeologik yodgorliklar bo‘lib, shundan 32 tasi islom ziyorat turizmi va 8 tasi buddizm inshootlaridir. Sayyohlar bilan hamisha gavjum bo‘ladigan mazkur ob’ektlar va ularga olib boruvchi yo‘llar atrofiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shu yil kuz va kelgusi bahor faslida rang-barang ko‘chatlar ekib, gulzorlar barpo etishni rejalashtirib, bu ezgu ishni ko‘tarinki ruxda boshladik.
Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad at-Termiziy ziyoratgohi so‘nggi besh yilda qiyofasini tubdan o‘zgartirib, yirik hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Benazir ajdodimiz mangu qo‘nim topgan go‘sha yaxlit majmuaga aylantirilib, ko‘rkam bog‘ va gulzorlar barpo etildi.
Musulmon olamining buyuk muhaddislaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan Iso Termiziy majmuasi atrofiga ham viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi hodimlari yuz tupga yaqin nina bargli daraxt ko‘chatlarini ekib, muqaddas bu makonni yanada ko‘kalamzorlashtirishga munosib hissa qo‘shdi. Bunday xayrli ishdan majmua xodimlari ham, ziyoratchilar ham juda mamnun bo‘ldi.
– Majmua atrofidagi bo‘sh yerlarga qadalgan bu ko‘chatlar hademay bo‘y ko‘rsatib qoladi,¬ – deydi Abu Iso Muhammad at-Termiziy majmuasi masul xodimi Ismatullo xoji Yo‘ldoshev.¬ – Muqaddas dinimizda ham yerni parvarish qilish, ko‘chat ekib, bog‘ yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, ko‘chat va ziroatlardan inson rizq oladi. Tevarak-atrof musaffo bo‘lib, havo yanada toza bo‘ladi. Yozning chillasida kelgan ziyoratchilarga soyabon bo‘ladi. Buning uchun yurtimizni yashil boylikka burkash g‘oyasini ilgari surgan Prezidentimizdan minnatdormiz.
Viloyatda ko‘chat ekish uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA