«Ko‘cha bozori» savdosiga chek qo‘yiladi
Buxoroda «Ko‘cha bozori savdosiga qarshimiz!» oyligi boshlandi. Mazkur tadbirda mahalliy hokimliklar, davlat soliq xizmati organlari, ichki ishlar idoralari, sanitariya va epidemiologiya nazorati markazlari xodimlaridan tarkib topgan ishchi guruh birgalikda ish olib boradi.
Ishchi guruh «Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi» tamoyili asosida hududlarda insofli tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rganadi. Ularga muammolari yechimi yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatiladi. Aholi murojaatlaridan kelib chiqib, ko‘cha-kuyda sanitariya talablariga zid bo‘lgan tartibda sotilayotgan mahsulotlar savdosiga chek qo‘yiladi. Bozorlar va savdo komplekslari hamda tijorat do‘konlari atrofini obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradi.

– Tadbirdan asosiy maqsad – tovarlarni faqatgina savdo do‘koni ichida sotish va ularni binoning tashqarisiga chiqarilishini oldini olish, sanitariya me’yorlari, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, shuningdek, shoxobchada nazorat-kassa mashinasi, to‘lov terminali mavjud bo‘lishi hamda ularni belgilangan tartibda ishlatishni ta’minlashdan iborat, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Bahodir Fayziyev. – Joylarda hujjatsiz ravishda «ko‘cha bozorini» tashkil qilib olgan fuqarolar hamda amaldagi tartib-qoidalarni pisand qilmayotgan ayrim tadbirkorlardan qonunchilikda belgilangan tartibda faoliyat yuritishlari so‘raladi. Aks holda yuqorida sanab o‘tilgan huquqbuzarliklar aybdorlarga nisbatan jarima solishga sabab bo‘ladi.

Zarif Komilov, O‘zA