Ko‘mir briketi: samarador va tejamkor
Iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab oshib borar ekan, mavjud manbalardan oqilona foydalanish, ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar sanoatni rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omillardan bo‘lib qolmoqda.
Iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab oshib borar ekan, mavjud manbalardan oqilona foydalanish, ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar sanoatni rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omillardan bo‘lib qolmoqda.Bu borada ko‘mir qazib olish sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar nainki tabiiy resursdan oqilona foydalanish, balki aholini yangi turdagi qattiq yoqilg‘i bilan ta’minlash, atrof-muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatidan ma’lum qilishlaricha, mamlakatimizda aniqlangan ko‘mir zaxiralari 1,9 milliard tonna, bashorat qilinayotgan resurslar miqdori esa 5,7 milliard tonnani tashkil etadi. Har yili 4 million tonna qattiq yoqilg‘i qazib olinayotgan bo‘lsa, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilashlar samarasida 2018-yilga borib bu ko‘rsatkichni 11 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Ko‘mir qazib olish jarayonida qariyb 30 foiz qattiq yoqilg‘i maydalanib ketishi oqibatida chiqitga chiqariladi. Yurtimizda ishlab chiqarish, xususan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi sanoat korxonalarini tashkil qilishning har tomonlama rag‘batlantirilishi samarasida mazkur xomashyoni qayta ishlab, yangi turdagi mahsulot – ko‘mir briketini ishlab chiqaruvchilar ortib borayotir.
Hozirgi paytda mamlakatimizda ko‘mir briketi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oltmishga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning qirqdan ziyodini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tashkil qiladi. “Angren” erkin iqtisodiy zonasida xorijlik sarmoyadorlar tomonidan ko‘mir briketi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Jun Long Industrial”, “Bricket Coal Standart” hamda “Angren ko‘mir briket” korxonalari tashkil qilingani bu turdagi tadbirkorlikka chet ellik ishbilarmonlarda ham qiziqish ortayotganidan dalolat beradi.
Ko‘mir briketining ixcham shaklga egaligi uni tashish, saqlash va foydalanishda qulaylik yaratadi. Qolaversa, oddiy ko‘mir va boshqa qattiq yoqilg‘iga nisbatan uzoq yonishi, tarkibida zararli moddalar kamligi, yonib bo‘lgandan keyin ham o‘zining birlamchi shaklini yo‘qotmasligi va boshqa afzalliklari ko‘mir briketining aholi o‘rtasida tobora ommalashishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-iyuldagi “Respublikada ko‘mir briketlarini ishlab chiqarish va sotishni kompleks tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazkur mahsulotning aholi va byudjet tashkilotlariga sifatli va maqbul narxda yetkazib berilishida muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Endilikda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil qilingan 14 hududiy distribyutorlik markazi hamda ularning 72 filialida aholi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir bilan birga ko‘mir briketini sotish yo‘lga qo‘yildi.
Markazlarga ko‘mir briketi yetkazib berayotgan ishlab chiqaruvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etilgan maxsus ishchi komissiyalar tomonidan tanlov asosida saralab olingan bo‘lib, ularga qator imtiyoz va qulayliklar yaratilgan. Xususan, mazkur korxonalar xomashyoni odatdagidek birja orqali emas, balki “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilish imkoniyatiga ega. Qarorga muvofiq “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatiga xomashyoni zarur miqdorda yetkazib berish majburiyati yuklatilgan.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori o‘rinbosari Nosirjon Umarovning ta’kidlashicha, hududiy distribyutorlik markazlari orqali aholi va tashkilotlarga yetkazib berilayotgan ko‘mir briketining sifati doimiy nazoratga olingan. Buning uchun tanlov jarayonida korxonadagi mavjud ishlab chiqarish texnologiyalari, tayyor mahsulotning tegishli sifat sertifikatiga egaligiga e’tibor qaratiladi. Qadoqlash jihozlarida ishlab chiqaruvchi to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatilishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning muhim kafolati hisoblanadi.
Prezidentimizning joriy yil 7-iyuldagi Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy tarmoqlarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq aholi va byudjet tashkilotlariga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan 1 million 220 ming tonna ko‘mir mahsulotining 240 ming tonnasini aynan ko‘mir briketi tashkil etadi. Xususan, Andijon, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent hamda Xorazm viloyatlari aholisi uchun 100 ming tonna ko‘mir briketi yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsa, 140 ming tonna mahsulot Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlaridagi ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kungacha xalq ta’limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va sog‘liqni saqlash muassasalariga qariyb 30 ming tonna, aholiga 17 ming tonnadan ziyod ko‘mir briketi yetkazib berilgan.
Ko‘mir briketi ishlab chiqarishni yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatimizda energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, aholini yanada sifatli qattiq yoqilg‘i bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.