Koʻhna zamindagi zamonaviy klaster...
Buxoro viloyatining Romitan tumanida faoliyat olib borayotgan “Bukhara Cotton Textile Cluster” koʻp tarmoqli xorijiy korxonasiga 123,1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya yoʻnaltirildi.
Buxoro viloyatining Romitan tumanida faoliyat olib borayotgan “Bukhara Cotton Textile Cluster” koʻp tarmoqli xorijiy korxonasiga 123,1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya yoʻnaltirildi.
Mazkur yirik loyihaga koʻra, kelgusida klasterda jami 8 kompaniya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Paxta ekish agrokompleksi, paxtani qayta ishlash va tozalash zavodi, 5 fabrikani oʻz ichiga olgan toʻqimachilik majmuasi, yogʻ-moy zavodi, 12 ming bosh qoramol parvarishlashga moʻljallangan chorvachilik fermasi, biogaz ishlab chiqarish zavodi, tejamkor texnologiyalarga asoslangan 20 gektarlik issiqxona, 25 turdan ortiq sut va goʻsht mahsulotlari tayyorlanadigan korxona shular jumlasidan.
Viloyat markazidagi Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya “Bukhara Cotton Textile” qoʻshma korxonasi mazkur tuzilmaning muhim loyihasi sifatida ahamiyatlidir. U “Bukhara Cotton Textile Cluster”ning Romitan tumanidagi agroklasterida yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlaydi.
Korxona bino va inshootlarini qurish, sexlarni zamonaviy texnologik dastgohlar bilan jihozlash loyihalarini amalga oshirish uchun hozirgacha 75 million dollar investitsiya mablagʻi oʻzlashtirilgan. Yiliga 10 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega qoʻshma korxona, yaʼni toʻqimachilik majmuasining sexlari bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.
– Hozirda tayyor mahsulotlarning 38 kolleksiyasini yaratdik, – deydi korxona direktori Murtazo Rahmatov. – Shu kolleksiya asosida mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Jahon bozoriga eksport qilish niyatidamiz.
Matoni boʻyashda ishlatiladigan qimmatbaho tabiiy boʻyoq olinadigan “indigofirm” oʻsimligi ham aynan klaster hududida ekilyapti.
– Korxonamizda jinsi shimlar ishlab chiqarilmoqda, – deydi korxona ishchisi Malika Xoʻjayeva. – Maxsus mashina yordamida ushbu shimlarga dekorativ ishlov beramiz. Turli bichimlar yaratish ustida izlanishdamiz.
Klasterni yaratish olim va iqtisodchilar, qishloq xoʻjaligi, sanoat xodimlari, dizayner salohiyati, ilgʻor tajribasini yagona maqsad yoʻlida birlashtirishni taqozo qiladi. Shu bois yangi loyihada nafaqat oʻzbekistonlik, balki xorijlik yetakchi olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari, mutaxassislari hamda tadbirkorlar bilan muzokaralar olib borildi.
– Qoʻshma korxonada asosan jinsi matosidan mahsulotlar ishlab chiqariladi, – deydi turkiyalik investor Joʻshqin Renkli oʻgʻli. – Kuniga besh ming dona jinsi shim chiqaramiz. Bu oyiga 150 mingga yaqin tayyor mahsulot degani. Kelajakda mahsulotlarni Yevropa mamlakatlariga eksport qilishni rejalashtiryapmiz.
Ayni paytda klasterga Romitan tumanidan 8 ming gektar yer ajratilgan. Ilgari bu yerda atigi 436 kishi mehnat qilgan boʻlsa, hozirgi kunda ularning soni 3 mingdan oshdi. Kelajakda bu raqam yana-da ortadi. Eng muhimi ishchidan tortib, rahbarlargacha yaxshi oylik oladi.
Karantin davrida ham korxona bir maromda ishlab turibdi. Dunyoning eng nomdor kompaniyalaridan olib kelingan texnologik liniyalar uygʻunligida brend sanalgan “Denim indigo” jinsi hamda boshqa xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan.