Klasterga Vengriyadan naslli qoramollar olib kelinadi
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning mamlakatimizga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi hamda biznes forumi tomonlar uchun birdek manfaatli kelishuvlarga boy bo‘ldi.
Xususan, Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Cluster” klasteri va Vengriyaning “Agrota” kompaniyasi o‘rtasida chorvachilik yo‘nalishida dastlabki kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, chet ellik hamkorlar tez orada 200 bosh naslli qoramol yetkazib berishadi.
Chorvachilik “TCT Cluster” klasteri faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi “Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida hududda klaster usulida chorvachilikni rivojlantirish vazifasi belgilab berilgan. Shundan kelib chiqib, “TCT Cluster” klasteri tomonidan bo‘rdoqichilik fermasini tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan.
Klaster ta’sischisi, senator Murtazo Rahmatovning aytishicha, 2500 bosh qoramol parvarishlashga mo‘ljallangan mazkur chorvachilik majmuasi shu yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshiriladi. Ayni damda “Mehnatobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida majmua bino-inshootlarini qurish ishlari jadal olib borilmoqda.
Chorvachilik majmuasining birinchi bosqichida 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Ish klaster usulida olib borilib, chiqitsiz texnologiya joriy qilinishi evaziga ish o‘rni ham, mahsulotlar turi ham ko‘payib boraveradi. Chunki nafaqat go‘sht va konserva mahsulotlari ishlab chiqariladi, balki chorva terisi, hatto suyak, shox va tuyoqlari ham chuqur qayta ishlanib, ichki va tashqi bozorga tayyor sanoat mahsulotlari yetkazib beriladi.
“TCT Cluster” klasterining marketing bo‘yicha direktori To‘lqin Xayrullayevning ma’lum qilishicha, vengriyalik hamkorlardan ikki yo‘nalishda chorva mollari keltiriladi. Ya’ni yuqori sifatli go‘sht yetishtirish va naslchilikni rivojlantirish uchun naslli qoramollar olib kelinadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “TCT Cluster” klasteri Vengriya ishbilarmonlari bilan baliqchilik va g‘allachilik yo‘nalishlarida ham hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib boshlangan. Tez orada bu borada ham amaliy kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.