Klaster usulida hosildorlik 10 sentnergacha oshadi
Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator vazifalar belgilab berildi.
Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, joriy yilda klaster usulida paxta yetishtirishni koʻpaytirish moʻljallanayapti. Shu bilan birga, gʻalla va meva-sabzavot klasterlari faoliyatini har tomonlama rivojlantirish lozimligi taʼkidlandi. Klaster tizimini keng joriy etish uchun, avvalo, kredit tizimini soddalashtirish, yer ajratish bilan bogʻliq tartiblarni qayta koʻrib chiqish talab etiladi.
Klaster amaliyoti qishloq xoʻjaligida hosilni parvarishlashdan tortib, mahsulotni qayta ishlaydigan zamonaviy zavod va fabrikalar qurish, paxta xom ashyosini toʻla qayta ishlashni qamraydi. Shuningdek, joylarda qishloq xoʻjaligi hamda yengil sanoat tarmogʻini yanada rivojlantirish, mahsulot sifatini yaxshilash hisobiga qoʻshimcha qiymat yaratish, eksportbop tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, yangi ish oʻrinlari ochish imkonini beradi.
– “Klaster” nazariyasini oʻrganish jahon hamjamiyatida tez surʼatlarda oʻsib bormoqda, – deydi “Buxoro cotton textile” Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma korxonasi konsultanti, akademik Bakriddin Zaripov. – Uni amaliyotda qoʻllash esa milliy va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanishning asosiy yoʻnalishiga aylanmoqda. Bugungi kunda investorlar tomonidan loyihasi taklif qilinayotgan zamonaviy ishlab chiqarish klasteri – bu bir texnologik tizimga jamlangan korxonalar, yaʼni fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyalashgan majmuadir. Paxta toʻqimachilik klasteri esa nafaqat yengil sanoatni, balki oʻz yoʻlida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish kabi oʻnlab tarmoqlarni ham qamrab oladi. Masalan, paxta xom ashyosidan 25 turdan ziyod mahsulot tayyorlanadi. Bir tonna paxtadan oʻrtacha 360 kilogramm momiq paxta, 110 kilogramm paxta yogʻi, 16 kilogramm sovun olinadi. Shuncha toladan 7 ming 200 metr mato, undan 54 ming metr gʻaltak ip yuzaga keladi va oʻnlab turdagi hayot uchun zarur boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Qolaversa, farmatsevtika sanoatida qoʻllaniladigan moddalar, chigitidan chorva uchun ozuqa, hattoki, gʻoʻzapoyasidan biogaz, yogʻoch materiallari tayyorlash imkoniyatini hisobga olsak, uning ahamiyati yanada oydinlashadi.
Paxta-toʻqimachilik klasterida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bunda son emas sifat alohida ahamiyat kasb etadi. Agrotexnikada intensiv texnologiyalar qoʻllanilib, gʻoʻza navlarini yanada yaxshilashga alohida eʼtibor beriladi. Xususan, hududlarning tuprogʻi va iqlimiga mos navlar ekilishi oʻz navbatida hosildorlik oshishiga xizmat qiladi.
– Prezidentimizning tashabbusi bilan joriy etilgan klaster usuli paxtachilik va toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishda muhim oʻrin egalladi, – deydi “KHANTEX group” klaster-korxonasi ijrochi direktori Oʻtkir Roʻziyev. – Bu tizim paxta yetishtirishdan boshlab tayyor mahsulotni ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oladi. Tajriba 2018 yilda mamlakatimiz boʻyicha 164 ming gektar maydonda tashkil etildi. Hosildorlik joylardagi fermer xoʻjaliklari bilan taqqoslaganda 5-10 sentnerga yuqori boʻldi. Shuningdek, tashkil etilgan 41 korxonada 23 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.
Joriy yilda klasterda toʻqimachilik sohasini tashkil etish uchun 123,1 million dollarlik investitsiya yoʻnaltirilmoqda. Ushbu mablagʻ evaziga mavjud quvvatlar modernizatsiya qilinib, qoʻshimcha ravishda yigiruv, toʻquv hamda tikuv-trikotaj liniyalari oʻrnatiladi.
Amalga oshirilayotgan bu islohotlar jahon standartlari darajasidagi innovatsiya bilan boyitilayotgani ahamiyatlidir. Bir soʻz bilan aytganda, klaster tizimining har bir bosqichida dunyoning eng ilgʻor innovatsion texnologiyalari joriy etiladi.