Klaster tizimi endi tomorqalarga kirib bormoqda
Xalqimiz dasturxoniga asosiy iste’mol vositalarini yetkazib berishda aholi tomorqalarining o‘rni alohida. Ammo, bu jarayonda topilgan daromad tomorqachilarni qanoatlantiradi va daladan to‘liq xalqimiz dasturxoniga yetib kelmoqda, deb bo‘lmaydi.
Bunga esa yetishtirilgan mahsulotning aniq xaridori yo‘qligi, mavsumda ayrim turdagi ekinlarni talabdan ortiq ekilishi kabilar mahsulot tannarxini juda past va dalada nobud bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida, ikki yil ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan respublika hududlarida aholi xonadonlariga (tomorqalariga) xizmat ko‘rsatuvchi «Tomorqa xizmati» MCHJlar tashkil etil etilib, ayni vaqtda ularning soni 370 dan oshgan.
Hozirda "Tomorqa xizmati" korxonalari aholi tomorqalariga turli xizmatlar ko‘rsatmoqda. Biroq, ularning faoliyati tahlil qilinganda "Tomorqa xizmati" MCHJlarning xonadonlarni qamrab olib, xizmat ko‘rsatish darajasi juda sust ekanligi va urug‘chilikda bir qator muammolar borligi aniqlandi.
Shunga ko‘ra, aholi xonadonlariga kompleks xizmat ko‘rsatish hamda yuqori darajada qamrab olinishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyunda «Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan "Tomorqa xizmati" negizida tomorqachilik klasterlari tashkil etilishi belgilab berildi.
Ushbu jarayonni muvofiqlashtirish O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga, loyihalarni imtiyozli kreditlar asosida moliyalashtirish ishlari Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi amalga oshirishi belgilangan.
«Tomorqa xizmati» MCHJlar negizida tashkil etilayotgan tomorqachilik klasterlarining ahamiyati shundaki, ular aholi xonadonlariga tizimli ravishda urug‘ va ko‘chat yetkazib berishdan, tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotni xarid qilish ishlarigacha to‘liq bajarishni rejalashtirgan.
Bunda ularning faoliyat yo‘nalishlari 12 ta turga bo‘linib, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurib berish, tomorqalarda dala va yopiq usulda mahsulot yetishtirish uchun hududlar joylashuviga qarab, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, minitexnikalar va dori purkagichlar orqali aholi tomorqalariga arzon narxlarda agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish, tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni yuk saqlash va muzlatgichli omborlarda saqlash, tuman va aholi gavjum markazlarda urug‘, ko‘chat va mineral o‘g‘it do‘konlarini tashkil etish, tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni qulay narxlarda xarid qilish va qayta ishlab eksportga yo‘naltirish, hosildor va arzon narxlardagi parrandalarni aholiga yetkazib berish va ishlab chiqilgan tuxum, go‘sht mahsulotlarini xarid qilish, chorva mollarini sifatli urug‘lantirish, aholi xonadonlaridan bir kunda 3 tonnadan oshiq sut mahsulotlarini xarid qilish, chorva mollari, parranda va baliq boqishga ixtisoslashgan yem mahsulotlarini aholi xonadonlariga yetkazib berishni asosiy ustuvor vazifa sifatida bajarishi belgilangan.
Ahamiyatlisi shundaki, ushbu xizmatlarning barchasi aynan bir joyda, bir hududda kompleks tarzda amalga oshirilib, hamyurtlarimiz mazkur xizmatlarni uzluksiz ravishda iste’mol qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Dastlabki 25 ta tomorqachilik klasterini tashkil etilishi natijasida 800 dan ortiq ish o‘rinlari jumladan, agronom, haydovchi, injener-texnolog,sotuvchi, payvandchi, veterinar kabi kasb egalarining ish bilan bandligi ta’minlanishi ko‘zlangan.
Shuningdek, dastlabki bosqich loyihalari ishga tushishi natijasida yiliga 600 ming dollarli mahsulotlar eksporti amalga oshirilishi, nobud bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan 15 ming tonnadan (yiliga) ortiq mahsulotlar muzlatgich omborlarida zaxira qilinishi, 50 ming gektar yer maydoni ekish ishlari uchun arzon narxlarda haydab berilishi, yiliga 90 ming tonna mahsulot qayta ishlanishi kutilmoqda.
bugungi kunga qadar, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 19 ta "Tomorqa xizmati" MCHJga mazkur loyiha doirasida 45 mlrd.so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Joriy yilda "Tomorqa xizmati" respublika hududlarida 25 ta, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Amudaryo va Bo‘zatov, Andijon viloyatida Baliqchi va Qo‘rg‘ontepa, Buxoro viloyatida Jondor va Romitan, Jizzax viloyatida Yangiobod, Qashqadaryo viloyatida Kasbi va Qarshi, Navoiy viloyatida Karmana va Nurota, Namangan viloyatida Chust, Chortoq, Uychi, Yangiqo‘rg‘on va Kosonsoy, Samarqand viloyatida Jomboy, Sirdaryo viloyatida Sirdaryo, Surxondaryo viloyatida Muzrabot va Bandixon, Toshkent viloyatida Ohangaron va Bo‘ka, Farg‘ona viloyatida Bog‘dod, Xorazm viloyatida Yangiariq va Gurlan tumanlarida tashkil etiladi. 2021 yilda ushbu loyihalar soni 75 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Xurshid Isroilov, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa
yer egalarini qo‘llab -quvvatlash jamg‘armasi
"Tomorqa xizmati" MCHJlar bilan ishlash
bo‘lim boshlig‘i