Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish yanada yaxshilanadi
Termiz shahridagi Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyati axborot-kutubxona markazida “Aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni sifat jihatdan yanada rivojlantirish” mavzuiga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda viloyat, tuman va shahar axborot-kutubxona markazlari rahbarlari, mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda mamlakatimizda keyingi yillarda kitobxonlik madaniyati va kitob mutolaasiga qaratilayotgan e’tibor aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini rivojlantirishga keng imkoniyat yaratgani alohida ta’kidlandi. 2018 yil Termiz shahrida kuniga 2 ming kitobxonga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega zamonaviy Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi qurilib foydalanishga topshirilgani, tumanlarda 13 ta axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, kitobxonlar uchun qulay sharoitlar barpo etilayotgani qayd etildi.
Ayni paytda ham yangi bino va inshootlarni qurish, mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda.

–Jumladan, Sariosiyo tumani axborot-kutubxona markazi uchun barcha sharoitlarga ega yangi bino qurilishi yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirilish arafasida, – deydi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘rayev. – Viloyat hokimining e’tibori bilan shahar va tumanlar hokimliklari zarur mablag‘ ajratib, barcha axborot-kutubxona muassasalari kitob fondini o‘zbek tili lotin yozuvidagi eng yangi adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.

Viloyatdagi ma’rifat maskanlari qariyb 720 ming nusxadagi kitob fondiga ega. Ularda 320 nafar xodim kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish, fondlarni to‘ldirish va saqlash, mutolaa madaniyatini oshirish va kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanmoqda.
Seminar-treningda aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatish uchun sifat jihatidan yangi va qulay shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ularning ilmiy, ta’lim, axborot va madaniy ehtiyojlarini qondirish, o‘z axborot-resurslarini yaratish va sifatli to‘ldirib borish, masofadan xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari va mavjud kamchiliklar xususida ham fikr almashildi.

– Seminarda axborot-kutubxona xizmatlarini ko‘rsatish sohasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar chuqur tahlil qilingani, o‘quv-uslubiy tavsiyalar berilgani ahamiyatli bo‘ldi, – deydi Boysun tumani axborot-kutubxona markazi rahbari Muhiddin Abrayev. – Bu faoliyatimizni yanada takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi. Kundalik ishimizni samarali tashkil etishga ko‘maklashadi.
Tadbirda o‘zaro tajriba almashildi. Kutubxonachilarning amaliy ko‘nikmasi, bilim va kasbiy mahoratini yanada oshirishga yo‘naltirilgan taqdimotlar o‘tkazildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA