Kitob — tuzalish mezoni
Har qanday adolatli jamiyatning qudrati faqat qonun ustuvorligi bilan emas, balki adashgan insonga ikkinchi imkoniyat bera olishi bilan ham o‘lchanadi. Yangi O‘zbekistonda jazoni ijro etish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar aynan inson qadri, ma’rifat va adolat uyg‘unligiga tayanmoqda. Shu ma’noda mahkumlarni kitobxonlik orqali ma’naviy kamolotga yo‘naltirishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizm insonni jazolashdan ko‘ra uni tuzatish ustuvor ahamiyat kasb etayotganining yorqin ifodasidir.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar markazida, avvalo, inson qadri va uning taqdiri turibdi. Bu tamoyil faqat erkin fuqarolar hayotidagina emas, balki huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan yuritilayotgan davlat siyosatida ham izchil namoyon bo‘lmoqda. Zero, zamonaviy demokratik davlatning vazifasi insonni faqat jazolash emas, balki uni tuzatish, ma’naviy jihatdan yuksaltirish va jamiyatga munosib fuqaro sifatida qaytarishdan iborat.
Ana shu ezgu maqsad yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 307-son qarori bilan tasdiqlangan “Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning jazoni o‘tash davrida to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Nizom muhim huquqiy ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjat jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyillarini yanada mustahkamlash, mahkumlarning ma’naviy kamolotiga ko‘maklashish va ularni ijtimoiy hayotga tayyorlashning yangi huquqiy mexanizmini belgilab berdi.

Mazkur Nizomning tub mohiyati bir qarashda huquqiy tartib-taomil sifatida namoyon bo‘lsa-da, uning zamirida juda chuqur ijtimoiy-falsafiy g‘oya mujassam. Ya’ni insonning ichki dunyosiga yo‘l topmasdan turib, uning xulq-atvori va hayotga munosabatini o‘zgartirish mushkul. Buning eng ta’sirchan vositalaridan biri esa kitobdir.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mutolaa inson tafakkurini boyitadi, ma’naviy dunyoqarashini kengaytiradi, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi chegarani teran anglashga yordam beradi. Kitob insonni mulohaza qilish, o‘z qilmishlarini tahlil etish va hayot haqida qayta o‘ylashga undaydi. Shu bois mahkumlarni kitob mutolaasiga jalb etish jazo muddatini qisqartirishning formal sharti emas, balki ularni ma’naviy jihatdan qayta tarbiyalashga xizmat qiladigan ta’sirchan vositadir.
Nizomning asosiy maqsadi mahkumlarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini shakllantirishga xizmat qiluvchi adabiyotlarni haqiqatan mutolaa qilganligini aniqlash va tasdiqlash tartibini belgilashdan iborat. Bu orqali jazoni ijro etish muassasalarida kitobxonlik muhiti qaror topadi, mahkumlarning huquqiy ongi va ma’naviy saviyasi yuksaladi, jinoyatchilikka olib keluvchi salbiy qarashlarni bartaraf etishga ko‘maklashiladi hamda ularning jamiyatga qaytish jarayoni uchun mustahkam ma’naviy poydevor yaratiladi.
Nizomga muvofiq, har bir jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarning adabiyotlarni o‘qiganligini baholash va tasdiqlash bo‘yicha komissiya tashkil etiladi. Uning tarkibiga muassasa xodimlari bilan bir qatorda hududiy faol jamoatchilik vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat tashkilotlarining hayotiy tajriba va yuksak obro‘-e’tiborga ega vakillari kiritilishi mumkin. Bu esa qaror qabul qilish jarayonining xolisligi, ochiqligi va jamoatchilik nazorati asosida tashkil etilishini ta’minlaydi.
Komissiya mahkum bilan o‘qilgan adabiyot yuzasidan suhbat o‘tkazadi, uning asar mazmunini qay darajada anglaganini, mustaqil fikrlash va hayotiy xulosa chiqarish qobiliyatini baholaydi hamda adabiyot haqiqatan mutolaa qilingani yoki qilinmagani bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Nizomga ko‘ra, komissiya yig‘ilishlari har yili fevral va avgust oylarida o‘tkaziladi. Kitobni mutolaa qilib bo‘lgan mahkum komissiyaga murojaat etadi. Suhbat va test jarayonida asarning asosiy g‘oyasi, qahramonlar obrazi, kitobdan chiqargan xulosalari hamda uning ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati bo‘yicha savollarga javob beradi. Agar mahkum kitob mazmunini yetarli darajada o‘zlashtirgani aniqlansa, komissiya bu faktni tasdiqlaydi va tegishli hujjat rasmiylashtiriladi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur tartib kitobni shunchaki o‘qib chiqqanlikni emas, balki uning mazmunini anglash, shaxsiy hayotga tatbiq etish va undan to‘g‘ri xulosa chiqarishni talab qiladi. Bu esa mahkumlarda qonunga hurmat, Vatanga sadoqat, halollik, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik, mas’uliyat va fuqarolik burchi kabi yuksak insoniy fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kitob mutolaasi insonning nutq madaniyatini yuksaltiradi, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi, ruhiy barqarorligini mustahkamlaydi, ijtimoiy munosabatlarga moslashuvini yengillashtiradi. Eng muhimi, u insonga hayotni yangidan boshlash, xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarish va kelajakka ishonch bilan qarash imkonini beradi.
Bugungi kunda dunyoda jazoni ijro etish tizimining samaradorligi qamoqxonalar soni yoki qattiqqo‘l jazo choralari bilan emas, balki u yerdan jamiyatga qanday inson qaytayotgani bilan baholanmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur qaror jazoning tarbiyaviy ahamiyatini kuchaytirish, mahkumlarni ijtimoiylashtirish va takroriy jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan zamonaviy yondashuvning muhim huquqiy ifodasi hisoblanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ham inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, inson qadrini himoya qilish hamda jazoni ijro etish muassasalarida insonparvarlik tamoyillarining amalda ta’minlanishiga ko‘maklashishdan iborat. Shu ma’noda mazkur Nizom inson huquqlarini ta’minlashning ma’naviy-ma’rifiy jihatlarini yanada boyitadigan muhim huquqiy asos sifatida ahamiyat kasb etadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, kitob inson qalbiga olib boradigan eng qisqa yo‘ldir. Qonun insonning xatti-harakatini tartibga solsa, kitob uning qalbi va ongini tarbiyalaydi. Shuning uchun ham mazkur huquqiy mexanizm faqat kitobxonlikni rag‘batlantirish chorasi emas, balki Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, jazoni insonparvarlik ruhi bilan boyitish va adashgan insonga yangi hayot sari ishonchli yo‘l ochishga qaratilgan ezgu davlat siyosatining amaliy ifodasidir. Bu esa mamlakatimizda «Inson qadri uchun» degan ulug‘ g‘oyaning hayotga izchil tatbiq etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
O‘tkir Jo‘rayev,
Oliy Majlisning Inson huquqlari
bo‘yicha vakilining (ombudsmanning)
Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili
O‘zA