Kitob grafikasiga mansub kartinalar ko‘rgazmasi
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining “Grafika sho‘’basi” hisobot ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ekspozitsiyada namoyish etilgan ishlarda grafikaning turli texnikalari, jumladan, ofort, avtolitografiya, linografyura, gravyura, suvbo‘yoq, ko‘mir, pastel, tush hamda aralash texnika qo‘llanilgan. Bundan tashqari, ishlar turli janrlar, xususan, manzara, natyumort, maishiy, tarixiy hamda erkin janrda chizilgan. Ba’zi kartinalar birgina qora yoki jigar rangdan shakllantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, rassom grafikaning texnik imkoniyatlaridan ustamonlik bilan foydalanganligini ko‘rsatib turadi.

Namoyish etilgan kartinalar orasida aynan kitob grafikasiga mansub kartinalar ham mavjud. Ular orasida E.Nurmanovning “Bolaligim – poshsholigim”, “Rangli qorlar”, A.Donetsning “Sehrli uzumlar”, T.Lining “O‘zbekiston-Koreya – turmush tarzi o‘xshashliklari”, L.Basharovaning “Ibtido. Evrilish – 1,2,3”, M.Yusupovaning “Rustamxon”, “Amir Temur. Ipak elchilari”, N.Sharipovning “Tut terimi” singari ishlarini kitoblar mazmunini yanada boyitadigan, ajoyib tasviriy san’at asarlari deyish mumkin.

Ekspozitsiya markazida namoyish etilgan L.Ibragimovning “So‘zana”, “Soy bo‘yida” grafik asarlari ustozning dastlabki ijodi maxsullaridan bo‘lib, ular grafika yo‘nalishida ishlayotgan va uni o‘rganayotganlar uchun katta saboq bo‘ladi. H.Sodiqovning pastel texnikasida ishlangan portretlari esa alohida e’tiborga molik.

Shuningdek, ko‘rgazmada A.Bahromov, N.Hakimov, F.Qobilovning bugungi kunning global muammolari, insoniyatni ogohlikka chaqiruvchi, bilimga, izlanishga undovchi qator plakatlar ham namoyish etildi. Ularda ranglar, ma’lum bir unsurlar yoki predmetlarga hatto insonlar obraziga ramziy ma’no yuklatilgan. Bu esa rassomdan nafakat san’atni, siyosat va nafosat olamini ham bilishni, teran zehnni talab etadi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA