Kishining ulugʻligi uning himmatidan bilinadi
Hozir butun OAVlarining asosiy mavzusi pandemiya darajasiga kelgan, butun yer kurrasini tobora qisib borayotgan KORONAVIRUS xususida boʻlmoqda.
Hozir butun OAVlarining asosiy mavzusi pandemiya darajasiga kelgan, butun yer kurrasini tobora qisib borayotgan KORONAVIRUS xususida boʻlmoqda. Qarang, dunyoning manaman degan davlatlari ham bu virusga qarshi kurashda ojizlik qilyapti. Ayni shu davlatlarda oddiy himoya vositalari ham yetishmayapti. Kecha oʻqidim, dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan birida koronavirusdan tuzatish narxi 35 mingdan 75 ming AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda. Insonlar bu pulni topib berishga juda qiynalmoqda.
Ogʻir boʻlsa ham aytish kerak, kuni kecha televideniyeda (Evronews kanalida) koʻrsatildiki, Lotin Amerikadagi Ekvador davlatida koronavirusdan vafot etganlar murdasi shahar koʻchalarida qarovsiz holatda tashlab qoʻyilgan. Yana bir Yevropa davlatida koronavirusga chalingan bemor bir kunlik oʻpkani sunʼiy ventilatsiyalash apparatidan foydalanishi uchun 500 AQSH dollarini toʻlashga majbur boʻlyapti ekan. Bu holatda tuzalib chiqqan bemor yigʻlab aytyaptiki, men bir kun erkin nafas olishim uchun shuncha mablagʻni toʻlayapman. Axir YARATGAN biz uchun bir umr ayni shu imkonni hech bir tamasiz berib kelmoqda ekan. Uning karami naqadar buyuk!
Endi bir tafakkur qilaylik. Yaxshi maqolimiz bor: birni koʻrib fikr qil, birni koʻrib shukur qil. Respublikamizda shu yil 15-martdan eʼtiboran karantin eʼlon qilindi. Xorijdagi yurtdoshlarimiz Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning bevosita tashabbuslari va nazoratlari ostida uyushqoqlik bilan olib kelinishi tashkil etildi. Ular uchun alohida karantin hududlari tashkil etildi. Qoidaga koʻra ular 14 kunlik karantinga olindi. Toshkent viloyatida tariximizda hech boʻlmagan muddatda, yaʼni 5 kunda bir necha ming oʻrinlik karantin zonasi — kasalxona yangitdan barpo etildi. U yerda karantindagilar uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar toʻliq yaratib berildi. Koronavirusga chalinganlar uchun alohida eʼtibor koʻrsatilmoqda. Prezidentimiz xalqimiz uchun bir necha marta murojaat bilan chiqdilar. Prezident Farmon va Qarorlari imzolandi. Butun bu choralar bejizga koʻrilmayapti. Prezident bejizga shaxsan oʻzlari xalqqa murojaat qilishmayapti. Bu vaziyatning oʻta jiddiyligini koʻrsatadi.
Butun koʻrilgan choralar oʻz natijasini bermoqda. Shu kungacha tibbiyot xodimlarimizning fidokorona mehnatlari, tajribalari natijasida bugun 2020-yil 29-aprel holatiga 1955 nafar koronavirusga chalinganlar aniqlangan boʻlib, ularning 1005 nafari sogʻayib chiqdi. Respublikamizda kasallikdan xalqimizning imkon darajasida kam zararlanishi choralarini koʻrish borasida xorijdan yetuk mutaxassislar, shuningdek, zaruriy hamda zamonaviy tibbiyot ashyolari olib kelinmoqda. Davlat, hukumat butun choralarni koʻrmoqda, xalqimiz ham buni jiddiy qabul qilishi, oʻrnatilgan tartiblarga soʻzsiz amal qilishi lozim. Bugun shaxsan oʻzim guvohi boʻldim. Bank xodimlari organ xodimlari bilan maxsus mashinada uyma-uy yurib pensiya tarqatmoqda. Har bir pensionerning pensiya puli bankda maxsus ishlovdan oʻtkazilgan paketlarga solingan. Paketning ustki qismida pensionerning ismi-familiyasi, manzili, pensiya miqdori, bankning telefon raqami, elektron hamda bino manzili koʻrsatib qoʻyilgan. Yana yozib qoʻyilibdi: BIZ SIZGA IMKONIYAT YARATAMIZ. Soʻralyaptiki, uyda qoling. Mana, shaxsan davlat rahbarining eʼtibori natijasi. Bularning barchasi Inson nomining ulugʻligi, uni eʼzozlashning yuksak namunasi emasmi?
Oʻylanib qolasan, hamma yurtda ham shundaymikan?
Men shu kunlarda uyda oʻtirib buyuk Alisher Navoiy bobomizning ajoyib asarlarini – “Nazmul — javohir”ni oʻqib chiqdim. Ushbu asardan sabr va qanoat qilish bilan bogʻliq ayrim oʻgitlarni oʻzimga yozib oldim. Mana ulardan baʼzilari: “Sabrdan keyin zafar kelishini oʻzingga bashorat qil”, “Sabr albatta gʻalaba keltiradi”, “Sabotli kishi albatta murodiga yetadi”, “Qanoat qiluvchida gʻam boʻlmaydi” va boshqalar. Bu soʻzlarning magʻizini chaqishimiz kerak. Demak, sabrli, bardoshli boʻlaylik.
Talabalar uchun ONLAYN darslar tashkil etilmoqda. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, bizning Madaniyat vazirligimiz bu borada boshchilik qilishmoqda. Kecha ham Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vaziri rahbarligida ayni shu masalaga bagʻishlangan ONLAYN seminar boʻlib oʻtdi. Unda amalga oshirilgan ishlar, yutuqlar, kamchiliklar, qilinishi lozim boʻlgan vazifalar haqida fikrlar almashildi. Bu sohada har bir oliy taʼlim muassasasi muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. Bu ham biz uchun, umuman respublikamiz taʼlim tizimi uchun sinov davri, tajribamiz oshib boryapti.
Albatta, biz uyda oʻtiribmiz, lekin ichki ishlar, milliy gvardiya, davlat xavfsizlik xizmati, favqulodda vaziyatlar, mudofaa vazirligi xodimlari kechani kecha, kunduzni kunduz, qorni qor, yomgʻirni yomgʻir demay, haqiqiy fidoyilik koʻrsatmoqdalar. Ularga samimiy minnatdorligimizni, behad hurmatimizni izhor qilamiz. Bugun butun dunyoda tibbiyot xodimlarining qadri juda yaqqol sezilmoqda. Ular haqiqiy fidoyilik koʻrsatmoqdalar. Ishlari naqadar tahlikali boʻlishiga qaramay birinchi zarbani oʻzlariga olmoqdalar, ichgan qasamlariga sodiq qolmoqdalar. Ularga oʻz ehtiromimizni yana bir bor izhor qilamiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan ana shunday masʼuliyatli va ogʻir kunlarda mehr-muruvvatga muhtoj kishilar uchun yordam koʻrsatish maqsadida “Mehr-shafqat va salomatlik” jamgʻarmasi tashkil etildi. Shuningdek, 22-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati ishtirokchilari soni kun sayin ortib bormoqda. Zotan, saxovatpeshalik xalqimizda azaliy qadriyat boʻlib kelgan. El boshiga ish tushganda saxovatpesha insonlar hech qachon qarab turishmagan. Bugun ham ana shu qadriyatimiz yana-da rivoj topdi. Bu bizni albatta quvontiradi. Bu borada Navoiy Hazratlari “Kishining ulugʻligi uning himmatidan bilinadi”deb, bejizga aytmaganlar.
Ana shunday ulugʻ insonlarimizning koʻpligi millatimiz bardavomligining bir belgisidir. Biz bunday insonlarimiz bilan faxrlanishimiz kerak. Oltiariqlik bir yurtdoshimiz haqida eshitdim, oʻgʻliga atab qurgan yangi uyini sotib, Respublikamiz boʻyicha, qayerligidan qatʼi nazar, kam taʼminlanganlarga yordam berayotgan ekan. Kimdir nimasi bilandir yordam qoʻlini choʻzishi bu insoniylikning bir belgisi, unga xos fazilatdir. Bundan biz sevinishimiz kerak.
Men bugun oramizda soxovatpesha insonlarning koʻpligidan mamnun boʻldim. Hali oramizda mehr-oqibat tamoman koʻtarilib ketmaganidan, yordamga muhtoj oilalarimiz holidan xabar oluvchi insonlar koʻpligi bizni quvontiradi. Umuman, saxovatpeshalik fazilati xalqimizda avvaldan kuchli boʻlib kelgan. Buyuk shoir va mutafakkirimiz Alisher Navoiy bu borada ham oʻrnakdir. Navoiy har bir asarida saxovatpeshalik, inson shaxsiga behad hurmat va eʼzozda boʻlishni ulugʻlaydi. Aksincha, molu dunyoga hirs qoʻyishni qattiq qoralaydi. Buyuk shoirning “Nazm ul-javohir” asari ayni shu masalalarga qaratilganligi bilan diqqatga sazovordir. Mazkur asar, akademik Azizxon Qayumov taʼbiri bilan aytganda, axloqiy-tarbiyaviy mazmundagi toʻrtliklar toʻplami boʻlib, Hazrat Alining arab tilida yozgan oʻgitlarining (ular nasr bilan yozilgan) oʻzbek tilidagi Navoiyona sheʼriy tarjimasi va sharhidan iboratdir.
Buyuk Navoiyning 1481-1482-yillarda yozgan “Vaqfiya” asarini barchamiz oʻqib chiqishimiz zarurdek tuyulaveradi. Asarda Navoiy oʻzining tarjimayi holi, Xurosonda Sulton Husayn boshchiligidagi davlatning tashkil topishi tarixiga oid qimmatli maʼlumotlarni beradi va ular xususida mulohazalar yuritadi. Shuningdek, Navoiyning davlat xodimi qanday boʻlishi kerakligi haqidagi fikrlari bayon etiladi. Asarni yaratishdan asosiy maqsad Navoiy shaxsan oʻziga qarashli boʻlgan barcha molu mulkni qanday sarf etish yuzasidan yoʻl-yoʻriq hamda koʻrsatmalar berishdan iboratdir. Asar bir maʼnoda Navoiyning vasiyati hamdir. “Vaqfiya”da Navoiy oʻziga tegishli boʻlgan behisob mol-mulkining barchasini xayrli ishlarga vaqf qiladi. Ochiqroq aytadigan boʻlsak, Navoiy 40 yoshga toʻlgan chogʻida oʻzi uchun butun molu mulkidan faqat bir kishining ozuqasi va kiyim-boshiga yetarlisinigina olib qolib, qolgan qismini saxovat yoʻliga sarflashga vasiyat qiladi. Masalan, “Vaqfiya”da Navoiy oʻziga qarashli barcha mulku molini, yaʼni yeru suvlar, bogʻ va uzumzorlar, doʻkon kabilarni birma-bir sanab chiqadi. Ulardan keladigan daromadni toʻlaligicha madrasa, masjid, xonaqoh, shifoxonalarga vaqf qilib beradi. U joylarda xizmat qiluvchi xodimning har biriga oylik maosh, yegulik don-dunning miqdorini ham aniq belgilab beradi. Masalan, “Arbobi vazoif” (vazifa egalari) deb nomlangan qismida madrasada dars beruvchi ikki mudarrisning har biriga yillik bir ming ikki yuz oltin naqd va yigirma toʻrt yuk, uning uchdan biri arpa, uchdan ikkisi bugʻdoy berilishi belgilangan. Har halqai darsda oʻn bir tolibi ilm (talaba) boʻlib, jami yigirma ikki tolibi ilmga, xususan, olti aʼlochining har biriga oylik yigirma toʻrt oltin naqd va yillik besh yuk bugʻdoy; sakkizta oʻrtacha oʻquvchiga (asarda vasat deyilgan) har biriga oʻn olti oltin naqd, yillik toʻrt yuk bugʻdoy; sakkiz nafar quyi oʻquvchiga (asarda adno deyilgan) oylik har biriga oʻn ikki oltin naqd va yillik uch yuk oshliq berib borilishi tayinlangan. Shuningdek, roʻza oyida, Ramazon hamda Qurbon iydi avval kunlari va keyingi kunlari, Rabiul-avval hamda Rajab oylarida, qishning qavs, jadiy, dalv, hut oylarida har kuni yemaklarning fuqarolarga qilinadigan ehson miqdorlari belgilangan. Yana sakkiz oy har kuni faqir kishilar uchun osh-non ulashib borish koʻrsatilgan. Bulardan tashqari yana bir qancha vazifalar va qilinadigan amallar aytib oʻtiladi.
Navoiy bu hujjatni qozilar tasdigʻidan oʻtkazgan. Aytilganlarni bajarib borishni oʻz yaqinlaridan tayinlangan mutavalliga yuklagan. Yana Navoiy yozadiki, bu vaqfiya hujjati har oʻttiz yilda qaytadan oqqa koʻchirilishini, qozilar tasdiqlashini, koʻrsatilgan vazifalar buzilmay ijro etilishini qatʼiy belgilab qoʻyadi:
Bu qoidani kimki tuzar, bor boʻlsun,
Tengri bori holatda anga yor boʻlsun,
Kim buzsa buzuqluqqa sazovor oʻlsun,
Haq laʼnatu qahrigʻa giriftor oʻlsun.
Koʻrib oʻtilganidek, Navoiy Hazratlari saxovatpeshalikda tengsiz insondir. Shu bois u buyuk Navoiy sifatida jahon ahlini hanuz lol qoldirib kelmoqda. Undan bugun ham har birimiz oʻrnak olsak arziydi.
Ibrohimjon YOʻLDOSHEV,
filologiya fanlari doktori, professor