Kinologlar o‘rtasidagi musobaqa qizg‘in o‘tmoqda
Shu kunlarda kuch tuzilmalarining mutaxassis-kinologlari o‘rtasida har yili o‘tkazilib kelinayotgan “Dog biatloni” bahsining 5-respublika idoralararo musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan Mudofaa vazirligining Mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida bo‘lib o‘tayotgan mazkur musobaqada Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi terma jamoalarining 44 nafar mutaxassis-kinologi o‘zlariga biriktirilgan xizmat itlari bilan ishtirok etishmoqda.

Musobaqa birinchi kundan yuqori saviyada boshlandi. Dastlab dala sinovlaridagi ilk bellashuvni Milliy gvardiya terma jamoasining mutaxassis-kinologi o‘ziga biriktirilgan “Sherxon”laqabli sharqiy yevropa ovcharkasiga mansub xizmat iti bilan boshlab berdi.

Dala sinovlaridan iborat bo‘lgan bellashuvning shartlariga asosan kinologlar xizmat itlari bilan birgalikda 3200 m masofaga yakka tartibda yugurib kelib, o‘q otish mashqlarini yuqori aniqlikda bajarishga harakat qilishdi.

Terma jamoalarning kinologlari musobaqa davomida o‘zlarining tezkorligini va merganligini hamda ularning hamrohi bo‘lgan xizmat itlarining itoatkorligini namoyon etib, musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganliklarini ko‘rsatishdi.

Albatta har bir jamoa ishtirokchilari g‘oliblik uchun kurash olib borishmoqda.
Musobaqaning ilk kunidagi shartlariga ko‘ra, kinologlarning texnik-taktik tayyorgarlik darajasi va kasbiy mahoratlari hakamlar hay’ati tomonidan sinchkovlik bilan kuzatilib, yo‘l qo‘yilgan har qanday xato va kamchiliklar inobatga olingan holda xolisona baholab borildi.

5-marotaba o‘tkazilayotgan “Dog biatloni” bellashuvining respublika idoralararo musobaqasi yana bir necha kun davom etib, musobaqa so‘nggiga qadar ishtirokchilar bor imkoniyatlarini ishga solib, berilgan vaqtdan unumli foydalanishadi.
N.Rahmonova, O‘zA