Kino sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda
Ozarbayjon – O‘zbekiston
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov Ozarbayjonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyev bilan uchrashdi.
Tadbirda Rossiya davlat kinematografiya instituti Toshkent filiali direktori Eldor Yo‘ldoshev, O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori, elchixona birinchi kotibi Samir Abbosov va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida kino sohasidagi hamkorlik masalasi – xususan, qo‘shma loyihalar amalga oshirish, tajriba almashish, har yili o‘tkaziladigan Toshkent xalqaro kinofestivalida Ozarbayjon tomonining keng ishtiroki muhokama qilindi.
F.Abduxoliqov dastlab Ozarbayjon bilan hamkorlikka doimo alohida ahamiyat berilishini ta’kidlab, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.

2021 yil O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan "Tinchlik, ma’rifat va taraqqiyot yo‘lida" shiori ostida 1968 yildan buyon o‘tkazib kelingan va ma’lum muddat to‘htab qolgan Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklanganini ta’kidladi. "Ipak yo‘li durdonasi" deya yangidan nomlangan anjumanda 2022 yil 400 nafar kinematograf, 1500 dan ziyod xorijiy talaba ishtirok etgani, 2023 yil XV yubiley tadbirini yanada keng miqyosda tashkil etish rejalashtirilgani qayd etildi. Mutaxassis hamkorlik rivojiga to‘xtalarkan, O‘zbekistonda Ozarbayjon kinosi kunlari, Ozarbayjonda esa o‘zbek kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tgani, kelajakda yanada yaqin hamkorlik uchun yaxshi imkoniyat mavjudligini bildirdi. Ikki mamlakat kinochilari o‘rtasidagi aloqa uzoq tarixga egaligi, so‘nggi yillarda sheriklik jadal rivojlanayotgani e’tirof etildi.

Guseyn Guliyev samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot tufayli O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik va ko‘p qirrali hamkorligi barcha yo‘nalishlarda chuqurlashib borayotgani, davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari, imzolangan ko‘plab hujjatlar buning uchun ajoyib zamin yaratayotganiga urg‘u berdi. Jumladan, kino sohasida erishilgan umumiy yutuqlarni yuqori baholadi. Elchi yaratilgan imkoniyatdan keng foydalanish maqsadida kelgusida elchixona qo‘shma loyihalarni izchil qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar Ozarbayjon kinematograflarining shu yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan XV Xalqaro Toshkent kinofestivalidagi ishtiroki, taqdim etiladigan Ozarbayjon filmlari dublyaji, retro filmlarimiz namoyishi masalalari ko‘rib chiqildi, festival doirasida "Ozarbayjon kinosi kunlari"ni o‘tkazish, o‘zaro namoyishni ta’minlashga kelishib olindi. Ikki mamlakat telekanallarida badiiy filmlarni almashish, hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, Bokuda "O‘zbek kinosi kunlari"ni tashkil etish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish, shuningdek, filmlarni suratga olishni qo‘llab-quvvatlash o‘zaro ma’qullandi. O‘tgan yil Bokuda bo‘lib o‘tgan "O‘zbek kinosi kunlari"da namoyish etilgan "Abadiy do‘stlik va birodarlik" hujjatli filmining ikkinchi qismini birgalikda suratga olish rejasi tuzildi.
Uchrashuv yakunida Firdavs Abduxoliqov Guseyn Guliyevga "O‘zbekiston kinematografiyasi" kitobini, Elchi esa, o‘z navbatida, Agentlik direktoriga "Qorabog‘ ishg‘oldan oldin va keyin" asarini sovg‘a qildi.
Mehmonlar uchun “O‘zbekfilm” pavilonlari bo‘ylab maxsus ekskursiya tashkil etildi. Mehmonlar majmuada so‘nggi yillarda yaratilgan sharoitlar, xususan, turli filmlarni suratga olishda foydalaniladigan bezak va jihozlar bilan tanishdi.
G‘.Xonnazarov,
O‘zA