Kino san’atiga baxshida umr
Poytaxtimizdagi "Renessans kino uyi"da O‘zbekiston san’at arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, taniqli operator, professor Abdurahim Ismoilov bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Ma’lumki, ustoz Abdurahim Ismoilov milliy fotografiya, kinematografiya san’atining qomusiy bilimdoni, donishmandi sanaladi. U oliy o‘quv yurtini tugatgach, dastlab Toshkentdagi Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasida, so‘ngra “O‘zbekfilm” kinostudiyasida samarali faoliyat olib bordi. Hozirda oliy ta’lim dargohida yoshlarga o‘z bilim va tajribasini o‘rgatmoqda.

Filmning muvaffaqiyati, tasvir sifati, badiiyati, tomoshabin mehrini qozonishi ko‘p jihatdan operatorlarga bog‘liq. Abdurahim aka yuksak did, estetik tafakkur, katta tajriba, bilim va mahorat sohibi ekani bilan milliy kino san’ati, shogirdlari uchun qadrlidir.
“Chegara shu yerda tugaydi”, “O‘zgalar baxti”, “Kelin kuzatish”, “Ko‘zlarim yo‘lingda”, “Kichkina tabib”, “Vatan”, Qo‘rg‘oshin”, “Osmondagi bolalar” kabi filmlar muvaffaqiyatida Abdurahim Ismoilovning ham katta mehnatlari bor.

– Bugun milliy kino sohasi uchun ulkan imkoniyatlar eshigi ochilmoqda, – dedi ustoz Abdurahim Ismoilov muloqot davomida. – Yoshlar ana shu imkoniyatlardan unumli va samarali foydalanishlarini, yanada yangi ijodiy tashabbuslarni ilgari surishlarini istardim.

Uchrashuv davomida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan “Vatan timsollari“ rukni ostida suratga olingan “Kino san’atiga baxshida umr“ nomli hujjatli film namoyishi bo‘lib o‘tdi. Film yurtimizning mohir tasvirchisi A.Ismoilovning faoliyati, hayot yo‘li haqida hikoya qilishi bilan ahamiyatlidir.
Kechada film qahramonining yaqinlari, kinoijodkorlar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
N.Usmonova, O‘zA