Kichik sanoat zonalarida ahvol qanday?
Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani, Shahrisabz va Qarshi shaharlarida tashkil etilgan kichik sanoat zonalaridagi tadbirkorlik subyektlari faoliyati qoniqarli emas. Xo‘sh, nega?
Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani, Shahrisabz va Qarshi shaharlarida tashkil etilgan kichik sanoat zonalaridagi tadbirkorlik subyektlari faoliyati qoniqarli emas. Xo‘sh, nega?Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida ana shu masala muhokama qilindi.
Qarshi shahridagi kichik sanoat zonasida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan 12 tadbirkorlik subyektidan hozir atigi 4 tasi faoliyat ko‘rsatyapti, xolos. Nazarda tutilgan 91 yangi ish o‘rnidan amalda 36 tasi yaratilgan. Shahrisabz shahar kichik sanoat zonasida esa 9 subyektdan 7 tasi faoliyat yuritmoqda. Rejalashtirilgan 69 ish o‘rnidan amalda 42 tasi tashkil etilgan. Nishon tumanida tashkil etilgan kichik sanoat zonasida ham ahvol shunday. Ro‘yxatga olingan 7 subyektdan 4 tasi faoliyat yuritmoqda. Yaratilishi lozim bo‘lgan 55 yangi ish o‘rni ham mo‘ljaldagidan kam.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, kichik sanoat zonalarida tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishi uchun yetarlicha sharoit yaratilmagan. Xususan, tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlardan ma’lum bo‘lishicha, kichik sanoat zonalarida yo‘l kommunikatsiyasi, tabiiy gaz va elektr ta’minoti bilan bog‘liq ko‘plab muammolar borki, ushbu holatlar tadbirkorlarning ishlashiga to‘sqinlik qilmoqda.
Yig‘ilishda Shahrisabz, Qarshi shaharlari va Nishon tumanida tashkil etilgan kichik sanoat zonalarining bugungi kundagi faoliyati to‘g‘risida yuqorida sanab o‘tilgan shahar va tuman hokimlarining iqtisodiy va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining ham hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi asosida viloyatda 2018-yil uchun belgilab olingan vazifalar to‘g‘risida Qashqadaryo viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i, viloyat mahalliy byudjetining 2018-yil uchun belgilab olingan parametrlari to‘g‘risida viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i va “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida viloyatda elektr energiyasi taminotini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat elektr tarmoqlari OAJ rahbarining ham ma’ruzasi tinglandi.
Yig‘ilish so‘nggida sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirishni nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlik guruhi a’zolariga yuklatilishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan partiya deputatlik guruhining tegishli qarori qabul qilindi.