Kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltirish – davr talabi
Sharqiy harbiy okrugning Andijon garnizonidagi harbiy qismda Qurolli Kuchlar tizimida kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning axborot xavfsizligi sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda zamonaviy raqamli tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini oshirishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Sharqiy harbiy okrugning kiberxavfsizlik yo‘nalishiga mas’ul ofitserlari, harbiy xizmatchilar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
«Qurolli Kuchlar tarkibida kiberxavfsizlikning o‘rni, roli va vazifalari hamda zamonaviy qurolli to‘qnashuvlarda kiberxavfsizlik makonini shakllantirish» mavzusidagi uchrashuvga Ichki ishlar vazirligining malakali mutaxassislari taklif etildi.
Tadbirda globallashuv va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda kiberxavfsizlikni ta’minlash davlat va jamiyat xavfsizligining muhim tarkibiy qismi ekani ta’kidlandi. Mutaxassislar axborot tizimlariga tahdid soluvchi omillar, kiberhujumlarning turlari va kelib chiqish sabablari, shuningdek, ularning oldini olish hamda samarali himoya choralarini tashkil etish yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, axborot makonini ishonchli himoya qilish, xizmat faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan xavfsiz va samarali foydalanish, maxfiy xizmat ma’lumotlarini muhofaza qilish hamda Qurolli Kuchlarda kiberxavfsizlikni ta’minlashning ustuvor vazifalari xususida fikr almashildi.
[gallery-30424]
Harbiy xizmatchilarga internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda axborot xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, zararli dasturlar hamda internet firibgarligiga qarshi ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi. Amaliy misollar asosida kiberxavfsizlikni ta’minlashning dolzarb masalalari muhokama qilinib, sohani yanada takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, bunday tadbirlar harbiy xizmatchilarning axborot xavfsizligi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarda kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltirish hamda raqamli tahdidlarga qarshi samarali kurashish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA