Kiberxavfsizlik — har bir insonga daxldor masala
Bugungi kunda axborot texnologiyalari rivojlanib borayotgani, shiddatli raqamlashuv davri firibgarlikning yangi va xavfli ko‘rinishi bo‘lgan kiberjinoyatlardan himoyalanishni taqozo etadi.
Bu borada O‘zbekiston “Adolat” SDP fuqarolarning huquqiy himoyasini ta’minlash va ularni bunday xavflardan ogoh etish maqsadida Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Mahallalar uyushmasi hamkorligida respublika miqyosida keng qamrovli targ‘ibot aksiyasini o‘tkazmoqda.

Mazkur loyiha doirasida partiyaning Toshkent shahar Kengashi hamda “Tashkent Trade Center” korxonasi hamkorligida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda aholining huquqiy savodxonligini oshirish firibgarlarga qarshi eng samarali qalqon ekani alohida urg‘ulandi. Ayni paytda kiberxavfsizlik masalasi har bir fuqaro, har bir oila tinchligi va farovonligiga bevosita daxldor ekani, shu bois har bir fuqaro o‘zini va yaqinlarini raqamli tahdidlardan himoya qilish choralarini bilishi kerakligi ta’kidlandi.

Tadbirda soha mutaxassislari kiberfiribgarlikning eng keng tarqalgan turlari, ulardan himoyalanish usullari haqida batafsil ma’lumot berdi.
M.Komilova, O‘zA