Keskin tanqidlarning samarasi boʻlarmikan?
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari faoliyati keskin tanqid qilindi
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari faoliyati keskin tanqid qilindi
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bugun mahalla tizimidagi mavjud muammolarni hal etish boʻyicha olib borilayotgan izchil islohotlarda yuqori samaradorlik koʻzga tashlanmayapti. Joylardagi mutasaddilarning belgilangan vazifalarga boʻlgan masʼuliyatsizligi hamda ularning faoliyati samaradorligining pastligi bunga asosiy sabab sifatida koʻrsatilmoqda.
Joriy yilning 19-avgust kuni Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tizimdagi ana shu jihatlarga atroflicha tanqidiy baho berildi, deyiladi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Matbuot xizmati xabarida.
Yigʻilish avvalida soʻz olgan vazir oʻrinbosari Botir Parpiyev joylardagi masʼullar, vazirlikning viloyat va tuman boʻlinmalari rahbarlari, fuqarolar yigʻinlari raislari faoliyatini keskin tanqid ostiga oldi. Aholi tomonidan qilingan murojaatlar tahliliga toʻxtalib, 2020-yil 19-avgust kuniga qadar vazirlikka mahalla raisi va xodimlari xatti-harakatidan norozilik mazmunidagi 5173 ta murojaat kelib tushganligini keltirib oʻtdi. Murojaatlarning eng koʻpi Qashqadaryo viloyatida 756 tani, shuningdek, Toshkent shahrida 640 ta, Surxondaryo viloyatida 578 ta, Samarqand viloyatida 450 ta, Toshkent viloyatida 397 ta, Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarida 360 tani tashkil etadi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmoniga koʻra “temir daftar” tizim asosida aholining ehtiyojmand qatlamiga moddiy pul mablagʻlarini yetkazib berish ishlari koʻplab hududlarda toʻgʻri tashkil etilmagani alohida qayd etib oʻtildi. Bu borada, ayniqsa, Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek, Bektemir, Yashnobod, Mirobod, Yakkasaroy tumanlarida jiddiy kamchiliklar aniqlangan.
Yigʻilishda aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar ham jiddiy tahlil qilib chiqildi. Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizdagi mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan shu yilning oʻtgan davri mobaynida 1 060 261 nafar ishsiz fuqaro roʻyxatga olingan. Ularning 515 103 nafarini ayollar, 545 159 nafarini erkaklar tashkil etadi. Mazkur fuqarolarni zarur ish bilan taʼminlash, daromad manbaini yaratishda koʻmaklashish borasidagi ishlar Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Mirishkor, Samarqand viloyatining Narpay, Nurobod, Toshkent shahrining Yunusobod, Jizzax viloyatining Yangiobod, Baxmal tumanlarida qoniqarsiz olib borilmoqda.
B.Parpiyev yigʻilish davomida “Obod xonadon-obod koʻcha-obod mahalla” tamoyili asosida mahallalardagi kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalarning xonadonlarini taʼmirlash borasida olib borilayotgan ishlar ham joylarda izchil tashkil etilmayotganini tanqid qilib oʻtdi. Ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning xonadoniga obodlik, qalblariga hayotdan rozilik tuygʻusini olib kirishga qaratilgan mazkur ezgu tashabbus ifodasi bugun har bir xonadon, koʻcha va mahallalarda oʻz aksini topishi zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar tahliliga ham atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm viloyati boshqarmalaridan olinayotgan maʼlumotlar tahlil qilinmayotgani sababli vazirlikka yuborilgan maʼlumotlarni umumlashtirishda koʻplab xatoliklar uchrayotgani aytib oʻtildi. Shu sababli hisobotlarni tahlil qilib koʻrmasdan vazirlikka asossiz maʼlumotlar taqdim etib kelayotgan hududiy masʼullarga intizomiy chora koʻrilishi qayd etildi.
Yigʻilish davomida fuqarolar yigʻini binolarini qurish boʻyicha olib borilayotgan ishlar ham tahliliy koʻrib chiqildi. Qayd etilishicha, Shahrisabz, Guliston, Samarqand, Nukus, Navoiy, Ohangaron shaharlari, Denov, Uzun, Sherobod, Mirzaobod, Oqoltin, Bulungʻur, Jomboy, Narpay, Nurobod, Payariq, Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot, Boʻzatov, Amudaryo, Xoʻjayli, Yuqori Chirchiq, Chinoz, Boʻka, Bekobod, Yangiyoʻl, Sergeli, Navbahor, Nurota, Tomdi, Konimex, Qorakoʻl, Olot tumanlarida 2020-yilga rejalashtirilgan qurilish ishlari umuman boshlanmagan.
Koʻrib chiqilgan masalalar qatorida mahalla vakillarining oʻzining vakolat vazifalaridan boshqa ishlar bilan shugʻullanayotgani holati jiddiy tanqid qilib oʻtildi. Jumladan, mahalliy hokimliklar tomonidan mahalla xodimlariga soliq yigʻimlari va kommunal toʻlovlarni undirish, qora va rangli metallar yigʻish rejasi qoʻyilayotganligi holati boʻyicha haqli va keskin eʼtirozlar bildirib oʻtildi.
Yigʻilishda oʻz ishiga sovuqqonlik bilan munosabatda boʻlib, belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashlik qilgan hududiy boʻlinma masʼullariga intizomiy chora koʻrish masalasi koʻrib chiqildi.