Kentukkida sherif sudyani otib o‘ldirdi
AQSHning Kentukki shtatida okrug sherifi sud binosida tuman sudyasini otib o‘ldirdi. Bu haqda “BBC” xizmati tegishli manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Okrug sudyasi Kevin Mallins payshanba kuni Letcher okrugi sud binosida o‘qotar qurol yordamida nishonga olingan. Okrug sherifi Shon Stayns hech qanday qarshiliksiz voqea joyida hibsga olindi va u ayni paytda qotillikda ayblanmoqda.
Shtat politsiyasining ma’lum qilishicha, 54 yoshli sudya Mallins janjal payti otib o‘ldirilgan, biroq mojaro nima haqida bo‘lganligi va qurolli shaxsning maqsadi nima bo‘lganligi hozircha aniq emas.
Jinoyat mahalliy vaqt bilan kunduzi soat ikkilarda Uaytsberg shahrida sodir bo‘lgan.
Mahalliy “Mountain Eagle” gazetasida yozilishicha, sherif sudyaning xonasiga kirib, u bilan yolg‘iz gaplashishi kerakligini aytgan.
Xabarda aytilishicha, qotillikdan so‘ng sherif qo‘llarini ko‘targan holda politsiyaga taslim bo‘lgan.
Otishma payti sud binosida 50 ga yaqin odam bo‘lgan, ulardan hech biri jabrlanmagan.
Shtat bosh prokurori Rassell Koulman voqeani chuqur o‘rganib, adolat qaror topishi kerakligini aytdi.